

Fakt shuki, futbolchi aynan Pep tashrifidan keyin “Barselona”ni tark etdi va Kataloniya klubi o'zi uchun yangi bo'lgan erani boshladi. Bunda asosiy rolda endi Lionel Messi degan futbolchi bor edi.
“Real”ning bugungi holati har safar o'sha voqealarni yodga soladi. “Qirollik klubi”ga yangi motivaciya kerak edi va uni hozirgi holatda topish qiyinroq edi chamamda. Chunki “Real” ketma-ket ikki yil Yevropani zir titratdi, o'zi 5 yildan buyon kutayotgani La Liga tojini kiydi. Zidanning bitta to'liq mavsumi uchun etarli darajada muvaffaqiyat.
Portugaliya bilan Yevropa, “Real” bilan esa o'zi istagan barcha sovrinlarni yutgan, qo'shimchasiga “Oltin to'p”larini Messiniki bilan tenglashtirib olgan Ronalduning Madridni tark etishini kutdim. Hatto bunga ishonchim 100 foiz komil ham edi. Biroq Krishti qoldi va “Real” uchun motivaciya yo'qoldi, nazarimda.
Ronaldu hozirgi holatida Angliyaning biror-bir klubida yanada muvaffaqiyatli o'ynashi mumkin. Buni turli faktorlar bilan asoslashga urinsa bo'ladi. APLda tobora ko'payib borayotgan ispaniyaliklar asosan muvaffaqiyatli o'ynashyaptiki, La Ligada bir necha yil ko'pchilikni titratgan futbolchi APLda yana bemalol 2-3 yil javlon ursa bo'lardi.

“Real” birinchi navbatda uning orqasidan pul ishlab olardi, Zidan esa qolgan yigitlariga yangi motivaciya topib berardi. Endi madridliklar Krishtianu Ronaldusiz nimalarga qodir ekanliklarini isbotlashga urinib ko'rishardi chamamda. O'sha tenglashgan “Oltin to'p”lardan keyin Messi va Ronaldu raqobati shu kungacha bo'lgani kabi trendda emas, sezyapsizmi? Aksincha, Ronalduning maydonga har bir chiqishi o'ziga hozircha minus olib kelayotgandek.
Ha, Krishti bir necha yil davomida yuqori notada o'ynay oladi, men bunga ishonaman. Biroq u ham o'ziga Messidan boshqa ovunchoq topib, uni ko'zigada surtishga tayyor bo'lgan Albion klublaridan birini tanlasa, mantiqiyroqdek ko'rindi.
“Real”da Isko bor, kelishi bilan Ronaldudan kam bo'lmaslik uchun harakat qilib, keyin lazaretga yotib olgan Beyl bor, Asensio chiqib kelayotgandi va hokazo. Qolaversa, Ronalduning puliga Zidan istalgan boshqa bir futbolchisini qo'lga kiritishi ham mumkin edi. Balki Aguero, balki Azar yoki bo'lmasa Keyn bilan Alli.
Yevropani ketma-ket ikki marta olgan tarkib bir-biridan charchagandek, zero “Real”dagi barcha futbolchilar juda kerak bo'lganida top darajada o'ynay oladi bemalol. Biroq yangi qon quyadigan vaqt bo'ladi doim. Ronaldu, Ronaldinyo kabi futbolchilar shunday mavqega chiqib ulgurganki, ular bilan ma'lum bir jamoa boshqa, ularsiz esa umuman boshqaga aylanadi. Gap faqatgina shunda.
“Barselona” ham vaqti kelib Messini ketkazishi kerakmi? Menimcha shu xususda Messi va Ronalduni yonma-yon qo'ymagan bo'lardim. Zero Leo “Barsa”da “tug'ildi” va shu klubda “o'lishga” haqli futbolchi. Uning yo'rig'i Maldini, Jerrard yoki Tottiniki kabi bo'lishi mumkin. Juda nari borsa, vaqti kelib Yevropani butunlay tark etib, okean ortiga yoki vataniga jo'nab ketar. Ronaldu esa Ronaldo, Ronaldinyo va Zidanning o'zi kabi bo'lsa ajablanmayman. Siz bu borada qanday fikrdasiz?



