

"El Chiringuito" nashri xabariga ko'ra, Zinedin Zidan "Real" boshqaruvini yana o'z qo'liga oladi. Ma'lum bo'lishicha, yaqin soatlar ichida "Real" Santyago Solarini iste'foga chiqaradi.

Qayd etilishicha, Toshkent vaqti bilan soat 21:00da "Real" Solariga chiqish eshiklarini ko'rsatadi. Uning o'rni esa jamoaning o'tgan mavsumdagi boshqaruvchisi bo'lgan Zidan bilan to'ldirilishi aytilmoqda. Bunga qadar jamoaga Joze Mourinyu ham qaytarilishi haqida xabarlar chiqqandi. "El Pais" nashri esa Zidan "Real"ga qaytmasligini bildirgandi.

Biroq "El Chiringuito" nashri Zinedin Zidan yaqin soatlar ichida "Real" bosh murabbiyi sifatida tanishtirilishi haqida yozmoqda.
Eslatib o'tish joizki, Ronalduning "Yuventus"ga o'tishi haqidagi ilk xabarni ham aynan mazkur "El Chiringuito" nashri e'lon qilgandi.
Ma'lumot uchun: Zinedin Zidan qo'l ostida "Real" ketma-ket 3 marotaba YCHL bosh sovrini qo'lga kiritib rekord qo'ygandi.

Jahonga mashhur "Squawka" nashri Zidan qo'l ostida "Real" jami 149 o'yin o'tkazib, 104 marotaba g'alaba qozongani va 9ta sovrin yutganini eslamoqda. "Real" Zizu boshqaruvida 29 durang va 16 mag'lubiyat qayd etgan. "Real" fransiyalik mutaxassis qo'l ostida 149 o'yinda 393ta gol urgan.
Solari boshchilik qilayotgan jamoa esa o'tgan haftada YCHL nimchorak finalida "Ayaks" tomonidan ikki o'yin natijasiga ko'ra musobaqadan chiqarilib yuborildi. Shuningdek, qirollik klubi Ispaniya Kubogida "Barselona" to'sig'idan o'tolmadi. Ispaniya chempionatida esa ayni paytda peshqadamdan 12 ochko ortda qolayotgan "Real" 51 ochko bilan 3-pog'onada bormoqda.



