Rasmiy xabar: Sergey Kovshov - "Sho'rtan" bosh murabbiyi

Narzulla Saydullayev
11 fev 2019
Bugun kunning ikkinchi qismida “Sho'rtan” (G'uzor) klubi boshqaruvida kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Unda tashkiliy masala ko'rib chiqildi. O'z oldiga jiddiy maqsadlarni qo'ygan “Oq bo'rilar” boshqaruviga, jamoa bosh homiysi - “Sho'rtanneftgaz” MCHJ rahbariyati, klub prezidenti Shokir Davlatovich Jabborov qaroriga ko'ra, tajribali mutaxassis S.Kovshov rasman tayinladi.

O'z davrida mamlakatimizning bayroqdor jamoasi - “Paxtakor” tarkibida to'p surgan, katta tajribaga ega Sergey Gennadevich, taqdir taqqazosi bilan “Sho'rtan” murabbiyligini ikkinchi bor qo'lga olmoqda. G'uzorlik va umuman olganda, mamlakatimizning ko'p ming sonli muxlislari Sergey Kovshov 2007-2008 yillar oralig'ida “Oq bo'rilar” jamoasini muvaffaqiyatli boshqarganligini yaxshi bilishadi. Mahalliy muxlislar hurmati, e'tibori va mehrini qozongan, ular nazarida yaxshi mutaxassis hamda inson sifatida gavdalanib qolgan yangi murabbiy G'uzorda juda katta xursandchilik bilan kutib olindi.

Xullas, shu bugundan e'tiboran Sergey Gennadevichga murabbiylar guruhida Akmal Saitqulov hamda Erkin Mirzaevlar yordam berishadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: “Шўртан” ПФК матбуот хизмати