Rasman: Jasur Yaxshiboev "Navbahor"ga o'tdi

Tolibjon Qosimov
16 iyul 2022
Kecha "Eshitdik-da!" rukni orqali Jasur Yaxshiboev Namanganning "Navbahor" klubi bilan muzokara olib borayotgani haqida xabar bergan edik.

Eshitdik-da! "Navbahor" Jasur Yaxshiboev bilan muzokara olib bormoqda

Bugun ana shu xabar o'z tasdig'ini topdi. "Navbahor" matbuot xizmati qanot hujumchisi Yaxshiboev jamoaga kelib qo'shilgani haqida ma'lumot berdi.

Jasur 1997 yil, 24 iyunda Toshkent viloyatining Chinoz shahrida tug'ilgan. Jasur Yaxshiboev katta futboldagi faoliyatini 2016 yili "Paxtakor"da boshlagan. Poytaxtliklar tarkibida 2019 yilning yarmigacha to'p tepgan futbolchi o'sha yilning 2-davrasini Olmaliqning AGMK jamoasida o'tkazadi. Shundan so'ng, hujumchi faoliyatini xorijda davom ettiradi. Yaxshiboev 2020 yilgi mavsumni  Belarusning "Energetik-BGU" (Minsk, 1-davra), "Shaxtyor" (Soligorsk) jamoalarida o'tkazadi.

So'ngra faoliyatini Polshaning "Legiya" (Varshava, 2021 yilning 1-davrasi), Moldovaning “Sherif” (Tiraspol, 2021 yilning 2-davrasi, 2022 yilning 1-davrasi) jamoalarida davom ettirgan Jasur Yaxshiboev o'tgan yilning kuzida "Sherif" tarkibida Yevropa Chempionlar Ligasining guruh bosqichi bahslarida Madriddagi mashhur "Santyago Bernabeu" stadionida taniqli darvozabon Tibo Kurtuani dog'da qoldirib, "Real" darvozasiga gol urishga muvaffaq bo'lgan va o'sha o'yinda tiraspolliklar 2:1 hisobida g'alaba qozonishgandi.

"Sherif"dan so'ng "Legiya"ga yo'l olgan mahoratli hujumchi bir necha kun oldin polshaliklar bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, yurtimizga qaytishga qaror qildi.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "Навбаҳор" матбуот хизмати