Pul topish borasida o'rnak bo'layotganlar: “Real” Madrid

Narzulla Saydullayev
14 noya 2013, 20:22
Klublarimiz o'zlari pul topmasdan, deyarli boqimandalarga aylanib bo'lgani to'g'risida ko'p marta maqolalar yozib o'tildi. Agar hukumatimizning futbolni qo'llab-quvvatlashi bo'lmaganda hozir biz oliy liga o'yinlarini ko'rmasligimiz ham mumkin edi.
Jamoalarimizni esa boshqalardan o'rnak olishga chaqirgan holda jahonning mashhur klublari, shuningdek, Osiyodagi ligalarda bu borada vaziyat qanday ekanligi bilan tanishtirib o'tishga qaror qildik.

Klublarimizning o'zi pul topishga intilmayotgani sababi nimada ekanligini bilmaymiz. Aksariyat jamoalarda kelasi 3 yoki 5 yillik uchun tuzilgan rejaning o'zi yo'q. Ular bir yillik byudjetni tasdiqlatib, tegishli muassasadan pul o'tkazib olishadi va uni eb bitirish bilan kuch kechirishadi. Bu g'irt tekinxo'rlik yoki boqimandalikning o'zginasi. Yevropada oddiygina akademiyalar o'zini mablag' bilan taminlayotgan bir paytda bizda hamon hukumatdan yordam kutib yotishadi. To'g'ri, hozir birdaniga jamoalar o'z harajatlariga etadigan pul ishlab topa olmaydi, biroq shunga harakatni boshlash shart. Shundagina jamoalarda professionallik paydo bo'ladi. Bizda esa ko'plab klublarda boshqaruvchi rahbar har yili o'zgaradi, natijada oldinga siljish ham bo'lmaydi. Eng qizig'i, klublarga boshqaruvchi etib futbolda ish yuritishni tushunmaydigan odamlarning tayinlanishidir. Shunga yarasha hech yo'g'i pulni o'rniga sarflashsa mayli edi. Kamiga pulni hukumat tomonidan biriktirilgan kompaniyadan olib, xuddi jamoa o'zining shaxsiy mulkidek munosabatda bo'ladiganlari ham topiladi. Agar Roman Abramovich singari shaxsiy pulini sarflasa, o'sha toifa insonlar o'zlarini qanday tutishardi, bilmadik.

Jahon futbolida klublar 5 xil manbadan pul ishlab topishlari mumkin:

Transferlar
O'yin kungi tushumlar (chipta, abonement va turli mahsulotlar sotuvi)
Marketing (homiylik shartnomalari, atributlarning yil davomida sotuvi, stadion turlari)
Translyatsiyalar
Biznes faoliyati (klub o'zi pul tikib, biznes faoliyatini yo'lga qo'yadi)

Bizda jamoalar bu bandlarning bazilaridan foydalanishadi. Marketing borasida ishlar unchalik yaxshi emas. Faqat 2 yoki 3 klub turli kompaniyaliklar bilan hamkorlik shartnomalariga ega. Biroq ulardan katta pul topilmaydi. Televidenie esa translyatsiyalar uchun pul to'lamaydi. Biznes faoliyati ham u qadar rivojlanmagan.

Qaytanga avvallari jamoalar kam bo'lsa ham pul keladigan biznesga ega bo'lishgan. Demak, bizda pul topish mumkin bo'lgan ikki asosiy manba transferlar va o'yin kungi tushumlardir. Chiptalar sotishdan “Neftchi”, “Buxoro”, “Dinamo” qolganlarga qaraganda ko'proq mablag' ishlab olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Transferlardan esa oxirgi yillarda “Paxtakor” va “Bunyodkor” harqalay yaxshi pulga ishlab kelmoqda. “Paxtakor” Ahmedov, Geynrix, Kamoliddin Tojiev, Krimec, Yanush, Karimov, Xolmuhammedov, Kleckov, Farhod Tojievlarni xorij klublariga ijaraga berish yoki sotib yuborish orqali o'z harajatlarining sezilarli qismini qoplashga muvaffaq bo'ldi. “Bunyodkor”dan Salomov, Murzoev, Musaev, Ismoilov, Hasanov, Haydarov, Kapadze, Jeparov, Kenjisariev, Rajabov kabi futbolchilarning chet el jamoalariga o'tishlaridan pul topdi. Lekin klublarimizning ushbu ko'rsatkichlarini Osiyoning chempionatlari yetakchi davlatlari bilan ham solishtirib bo'lmaydi. “Guanchjou” OCHLdagi 3 o'yinga chipta va boshqa mahsulotlar sotishdan 15 million AQSH dollari miqdorida mablag' ishlab topgan bir vaqtda biz bunga havas qilib o'tirishga majburmiz.

Fikrlarimiz quruq gapdan iborat bo'lib qolmasligi uchun har yili “Deloitte” firmasi o'tkazadigan tekshiruvlarga oid raqamlarni keltirib o'tamiz. Ushbu kompaniya 10 yildan ortiqroq vaqtdan buyon futbol klublarining moliyaviy hisobotlarini e'lon qilib kelish bilan shug'ullanadi. Ular jamoalar bir yil davomida qancha pulga ishlashgani, ularni qanday manbalardan topishganini raqamlarda keltirib o'tadi. Biz ushbu firma hisobotlaridan foydalanib, yetakchi jamoalarning daromad manbalarini e'tiboringizga taqdim etamiz. Dastlab bu borada jahonda peshqadam sanalgan 30 klub ro'yxati va ular bir yilda qancha miqdorda pul ishlab topishganidan xabardor bo'ling. Bu yerda transferlardan tushgan mablag' hisobga olinmagan.

1. “Real”    512.6

2. “Barselona”  483.0

3. “MYU”    395.9

4. “Bavariya”    368.4

5. “Chelsi”    322.6

6. “Arsenal”    290.3

7. “Man.Siti”  285.6

8. “Milan”    256.9

9. “Liverpul”  233.2

10. “Yuventus”  195.4

11. “Borussiya” D  189.1

12. “Inter”    185.9

13. “Tottenxem”  178.2

14. “Shalke 04”  174.5

15. “Napoli”   148.4

16. “Marsel”  135.7

17. “Lion”    131.9

18. “Gamburg”  121.1

19. “Roma”    115.9

20. “Nyukasl”  115.3

21. “Valensiya”  111.1

22. “Benfika”  111.1

23. “Atletiko”  107.9

24. “Ayaks”    104.1

25. “Shtutgart”  103.2

26. “Everton”  99.5

27. “Aston Villa”  98.6

28. “Fulxem”   98.0

29. “Sanderlend”  96.4

30. “Galatasaroy”  95.1



Yuqoridagi kompaniya klublarning pul topishdagi faoliyatini 3 xil band asosida belgilaydi. O'yin kungi tushumlar, translyatsiyalar va tijoriy faoliyat. Unga ko'ra, yuqori 20likda turgan jamoalar pullarni foizlar hisobida quyidagicha ishlab topishgan:

“Real”   25  39  36

“Barselona”  24  37  39

MYU    31  32  37

“Bavariya”  23  22  55

“Chelsi”  30  43  27

“Arsenal”  41  37  22

MS    13  38  49

“Milan”  13  49  38

“Liverpul” 24  34  42

“Yuventus”  16  47  37

“Borussiya” D 17  32  51

“Inter”  13  60  27

“Tottenxem”  28  43  29

“Shalke 04”  25  22  53

“Napoli”  16  58  26

“Marsel”  13  52  35

“Lion”  14  54  32

“Gamburg”  33  19  48

“Roma”  13  55  32

“Nyukasl”  15  59  26



1-ustun: o'yin kungi tushumlar, 2-ustun: translyatsiya huquqidan tushgan pullar, 3-ustun: tijoriy faoliyatdan topilgan mablag'.

Ro'yxatda birinchi o'rinni egallab turgan Madridning “Real” klubi ushbu pog'onani anchadan buyon hech kimga bo'shatmay kelmoqda. Hozirda “Fly Emirates”, “Adidas”, “Bwin”, “Mahou”, “Audi”, “Coca Cola”, STC, BBVA singari kompaniyalar bilan yirik hamkorlik shartnomalariga ega jamoa bir yil ichida 512 million evro ishlab topgan. O'yin kungi tushumlar miqdori 126,2 million evroni tashkil etmoqda. “Mediapro” bilan tuzilgan shartnoma tufayli esa klub 199,2 million evro pul oladi. Bu kompaniya jamoa o'yinlarini translyatsiya qilish bilan shug'ullanadi. O'rtoqlik uchrashuvlarini namoyish etish huquqini sotish ham jamoaga katta daromad keltiryapti. Tijoriy yo'nalishdan esa 187, 2 mln evro miqdorida mablag' topildi. Bunga shunchaki qoyil qolish mumkin. Yuqoridagi kompaniyalar bilan hamkorlikdan o'rtacha 25-30 million evro miqdorida ishlanadi. Liboslar sotuvi, stadionga muxlislar uchun tur tashkil qilish va chiptalar sotuvi ham jamoa iqtisodiy hayotida katta o'rin tutadi. Stadionga tur 13-19 evro etib belgilangan. Stadion zamonaviy ko'rinishda va bu ishqibozlarni jalb etishda qo'l keladi. Qolaversa, “Santyago Bernabeu”ni yana ta'mirlash va sig'imini kattalashtirish rejadan o'rin olgan. Demak, bu yo'nalishda jamoa yanada ko'proq pul topishga umid qilsa bo'ladi. Jahonda klubga bo'lgan qiziqishni ushlab turish maqsadida deyarli har yili yulduzlar sotib olinadi. Bu esa teletranslyatsiyalarga qiziqishni o'stirish va atributlar sotuvidan yaxshigina foyda keltiradi. Oxirgi yillarda Quvayt, Xitoy, AQSH va Qatarda uchrashuvlar tashkil etish orqali “Real” muxlislarini sonini bevosita orttirib, jamoa razmlari tushurilgan mahsulotlar sotuvini ko'paytirdi. Masalan, Ronalduni 94 mln evroga xarid qilgan madridliklar unga sarflangan pulni Ronaldu o'ynaydigan raqamli futbolkalar sotuvidan qoplab bo'lishgan. Krishtianu muxlislar qiziqishini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega. Garet Beylni 91 mln evroga sotib olgan Florentino Peres dastlab ishqibozlar noroziliga duchor bo'ldi, lekin Garet ko'ngildagidek o'yin namoyish qilishni boshlab yuborsa, muxlislar Mesut Ozilning sotib yuborilganini ham kechirishlari mumkin.

“Real” joriy yilning yozida futbolchilarni sotib yuborishdan ham katta miqdorda pulga ishladi. Raul Albiol 10 mln, Xose Kalexon 12 mln va Gonsalo Iguain 40 mln evro evaziga “Napoli”ga ko'chib o'tdi. “Xetafe”ga Pedro Leon 6 mln evroga pullandi. Mesut Ozil esa “Arsenal” uchun 50 mln evroga tushdi. Shuningdek, Alvaro Negredoning “Manchester Siti”ga “Sevilya”dan ko'chib o'tishi Madrid klubi g'aznasiga 4,4 mln evro keltirdi. Bu borada ishlab topilgan pul 122,4 mln evroni tashkil qildi. O'z navbatida Beyl, Isko, Ilyarramendi, Kazemiro va Karvaxal uchun 162,7 mln evro sarflandi. Lekin o'rtada ko'rilgan 40 mln evrolik zarar “Real” uchun qo'rqinchli emas. Chunki futbolkalar sotuvining o'zi bu chiqimni bemalol qoplab ketadi.

Madridliklar marketing, transferlar va o'yin kungi tushumlardan qanchalik daromad olishayotgani to'g'risida to'xtalib o'tdik. Shuningdek, televideniedan kelib tushadigan katta mablag' haqida alohida to'xtalish mumkin. Ispaniyada klublarning kompaniyalar bilan yakka holatda shartnoma tuzishiga ruxsat berilgan. Natijada “Real” va “Barselona” la liga o'yinlaridan 130 mln evro miqdorida pulga ega bo'lishadi. Qolgan klublar esa 40 va aksariyat jamoalar 15 mln evro bilan kifoyalanishga majburlar. Bunday holat ispan klublari etirozlariga ko'pdan buyon sabab bo'lib kelmoqda. Biroq hozircha tomonlar har ikki tarafni qoniqtiradigan taklifni amalga kirita olganlari yo'q. YCHLda ishtirok etishdan ham jamoa katta miqdorda foyda oladi. Ishtirok, har bir g'alaba va bosqichlarni muvaffaqiyatli tugatgani uchun Madrid superklubi qo'shimcha mablag'ga ega bo'ladi. TV translyatsiyalardan tushgan daromad alohida hisoblanadi. Biznes faoliyat borasida “Real” Yevropada eng yetakchi klublardan biri sanaladi. “Real Madrid fondi” nomi ostida tuzilgan futbol akademiyalari butun jahon bo'ylab klub tizimida tarbiyalanayotgan futbolchilar sonini oshirish bilan birgalikda o'sha yerdagi homiylar e'tiborini jalb qilishda qo'l keladi.

Cfytimizda bundan keyin boshqa klublar va chempionatlarning bu boradagi vaziyati, homiylar va hamkorlar bilan ishlash qanday yo'lga qo'yilgani haqida turli maqolalarni taqdim etib boramiz. Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy, BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni singari yetakchi davlatlar, Yevropada har taraflama boshqalarga o'rnak bo'ladigan jamoalar va ligalarning moliyaviy hisobotlari, ular nimaning evaziga sharoitlarni yaxshilab borishayotgani misollar orqali ko'rib o'tamiz. “Real” misolida esa har taraflama ishlarni yaxshi yo'lga qo'ygan klub qanday bo'lishini ko'rib o'tdik.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia