Pro liganing transfer oynasidagi e'tiborli o'tishlari

Mirjalol Normatov
31 iyul 2022, 13:09
O'zbekistonda transfer oynasi yakunlandi.

Pro liga jamoalari ham imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tarkibni kuchaytirdi. Quyida eng saralari bilan tanishtiramiz.

Zafar Polvonov

Yo'nalish: AGMKdan - "Andijon"ga

AGMK klubida asosan zaxira o'rindig'ida qolib ketayotgan hujumchi transfer oynasining so'nggi kunlarida jamoasini almashtirishga qaror qildi. Futbolchi o'z oldiga Superligaga qaytishni astoydil maqsad qilgan “Andijon” klubiga ko'chib o'tdi. Viktor Kumikov mavsumni qolgan qismi oldidan yana bir hujumchini jamoaga taklif qildi. Bu orqali tarkibni sezirarli darajada kuchaytirib oldi.

Muhammad Isaev

Yo'nalish: "Istiqlol"dan - "Yangier"ga

Tojikistonning “Istiqlol” jamoasi bilan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etgan Muhammad Isaev endilikda Pro ligada to'p tepadi. Futbolchi “Yangier-quruvchi” safini  to'ldirdi. Ko'pchilik uni yana Superliganing birorta jamoasida ko'rinish berishini kutishgandi. Biroq u mavsum yakuniga qadar faoliyatini Pro ligada davom ettirishga qaror qildi. 

Temur Ismailov

Yo'nalish: "Dinamo"dan - "Buxoro"ga 

Mavsumni Samarqandning “Dinamo” klubida boshlagan futbolchi davralar oralig'ida “Buxoro”ga o'tdi. Aslida u samarqandliklar sardori sifatida maydonga tushib kelayotgandi. Keyinchalik zaxirada qolib ketayotgani natijasida, davralar oralig'ida Hakim Fuzaylov jamoasiga kelib qo'shildi. “Buxoro” yozgi transfer oynasi vaqtida tarkibni sezirarli darajada kuchaytirdi. Klub Superliga yo'llanmasi uchun jiddiy kurashga qo'shilishi kundek ravshan. 

Suhrob Berdiev

Yo'nalish: "Yangier"dan - "Andijon"ga

Faoliyati davomida Superligada o'ynab kelgan Suhrob Berdiev jarohatidan keyin biroz sport formasini yo'qotgani rost gap. Shu sabab bo'lsa kerak, futbolchi mavsum boshida “Yangier-quruvchi” libosini kiydi. Bu jamoada birin-ketin gollar urib, jamoa yetakchisiga aylandi. Yozgi transfer vaqtida esa “Andijon”dan tushgan taklifga rozilik bildirdi va klub bilan shartnoma imzoladi. 

Qahramon Bahodirov

Yo'nalish: "Yangier"dan - "Turon"ga

Pro liga peshqadami “Turon” ham yozgi transfer oynasidan unumli  foydanib, uch nafar yangi ijrochini qo'shib oldi. Jumladan, tarkibga tajribali qanot himoyachisi Qahramon Bahodirov bilan ham shartnoma imzoladi. Bahodirov ham mavsumni “Yangier-quruvchi” klubida boshlagan va jamoa sardori edi. Futbolchi birinchi davradan keyin, yangierliklar bilan xayrlashdi va “Turon” safini to'ldirdi.

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia