"Paxtakor"ning yoshlariga xaridorlar bor

Narzulla Saydullayev
24 iyul 2013, 05:00
Futbolchilarni yetishtirish borasida yurtimizda boshqa klublarga nisbatan ancha faol bo'lgan Toshkent "Paxtakor" jamoasi ixtiyorida bugungi kunda ko'plab yosh, istedodli futbolchilar bor desak mubolag'a bo'lmaydi.
Bu yil birinchi ligada ishtirok etgan farm-klub "Paxtakor-2" tarkibida asosan yoshlar harakat qilishgani ham ayni haqiqatdir. Shunga qaramay o'rtacha 18-19 yoshli futbolchilardan tashkil topgan jamoa o'zi ishtirok etayotgan ligada keyingi bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritdi. 

"Paxtakor-2" jamoasida katta murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Shuhrat Rahmonqulovning aytishicha, jamoa ikkinchi bosqich o'yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. 21 iyuldan mashg'ulotlarga kirishgan jamoaning tarkibi birinchi bosqichda ishtirok etgan tarkibga nisbatan biroz yoshartirib yuborildi. Boisi futbol akademiyasidan yetishib chiqayotgan yosh o'yinchilar ayni paytda farm-klubga jalb etilmoqda.

Bungacha "Paxtakor" yoshlar jamoasida va birinchi ligadagi farm-klub safida harakat qilib kelgan futbolchilarning ko'pchiligiga esa ayni paytda boshqa klublaridan qiziqish bo'lmoqda. Shu bois katta extimol bilan jamoa ayrim o'yinchilarini boshqa klublarga ijaraga berishi kutilmoqda.

Xususan, Oyatullo Muhiddinov bugungi kunda Neftchi yoshlar jamoasida shug'ullanayotgan bo'lsa, Ilhom Abdug'aniev bilan Asiljon Mansurovga "Andijon" o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirayotgani to'g'risida ma'lumotlar bor. Bundan tashqari himoyachi Maruf Zokirjonov bilan yarim himoyachi Bobur Abdurahmonov ikkinchi davrani "Oq-tepa"da o'tkazishi kutilmoqda. Shuningdek yana bir qator o'yinchilar boshqa klublarga ijara asosida o'tishi mumkin.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia