Pavel Smolyachenko: "Yangi mavsumdan umidim katta"

Narzulla Saydullayev
20 dek 2014
"Neftchi"ning iqtidorli futbolchisi Pavel Smolyachenko yaqinda "Futbol ekspress" gazetasiga intervyu berdi.
- Tatildan keyin mashg'ulotlarga kirishib kyetish oson bo'lmasa kerak?

- Hozircha tiklanish jarayoniga asosiy e'tibor qaratilayotganligi tufayli qiynalayotganimiz yo'q. qolaversa, bunday holatga ilk bor duch kelmayapman. Mavsum yakuniga etgach, tatilga chiqib, butunlay dam olishga berilmasdan, formani ushlab turish maqsadida oz-moz do'stlar bilan futbol o'ynab turdik.

- Dam olish uchun biror mamlakatga bormadingizmi?

- Yaqinlarimning holidan xabar olish uchun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo'ldim. Shu bahona hordiq chiqarib qaytdim.

- O'zingiz o'zbekistonliksiz-ku?

- Bir qator qarindoshlarimning Rossiyaga ko'chib kyetishganiga 10 yil bo'ldi. Bu erda onam bilan istiqomat qilamiz.

- Yaqin oradagi rejalar qanday? Neftchidagi shartnomangiz shu yil oxirida yakuniga etsa kerak?


- Tugadi. Muzokaralar qanday natija bilan intiho topishini hozircha bilmayman. Boshqa jamoalarga o'tish haqida esa o'ylab ko'rganim yo'q.

- Neftchida qolish sizga har tomonlama qulay ekanligini taxmin qilish mumkin.

- Albatta. Kelishuvning qanday yakun topishini kutaylik-chi.

- Jamoada yetakchilardan biriga aylanishdan tashqari yuqori darajaga chiqib borishingizga ko'pchilik umid bildirishda davom etmoqda.

- Yangi darajaga chiqishni xohlayman. Keyingi yillarda orttirgan jarohatlar ko'p bezovta qildi. Deyarli etti oy maydon tashqarisida bo'ldim. Hozir ko'z tegmasin, holatim yomon emas. Yangi mavsumdan o'zimning ham umidim katta.

- O'tgan mavsumni jarohatsiz o'tkazgandingiz...

- Ozgina omad yetishmadi. O'zim o'ynab o'rganmagan boshqa chiziqlarda harakat qilganligim sabab bo'lgandir, bilmadim.

- Tarkib ham deyarli yangitdan shakllandi. Taklif etilgan ijrochilar bilan til topishib kyetish ancha vaqt oladi, to'g'rimi?


- Shubhasiz yakunlangan chempionatni biz uchun omadsiz o'tdi deyish mumkin. Hech birimiz o'zimizning ijobiy tomonimizni barqaror tarzda namoyon eta bilmadik.

- Yangi mavsumdan nima kutmoqdasiz?

- Yo'l qo'yilgan xatolar ustida ishlab, harakatlarimni maromiga keltirib borishim zarur. Musobaqa jadvalida yanada yuqoriroq o'rinda bo'lishimizni istardim. 8-pog'ona  Neftchiga yarashmaydi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcneftchi.uz