Pandemiya hali tugamadi: JCH saralash o'yinlari yana ko'chiriladi

Xayrulla Xoliqov
18 fev 2021, 14:06
Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbaev o'zining telegram kanalida JCH saralash o'yinlari yana ko'chishi mumkinligi ma'lum qildi.

"JCH-2022 va Osiyo Kubogi-2023 saralash bosqichi o'yinlarining mart oyidan iyun oyiga ko'chirilishi va davom etayotgan pandemiya sabab OCHLda qatnashadigan Xitoy klublarining ishtirokiga minus ta’sir qilishi mumkin".

"Xitoy OAV yozishicha, OCHLda qatnashadigan to'rtta klubning birortasi markazlashgan musobaqada eng kuchli tarkibi bilan o'ynay olmaydi. Agar guruh bosqichi bellashuvlari aprel-may oylarida tashkil qilinsa, klublar Xitoyga qaytib o'zlarining asosiy futbolchilarini 2-3 hafta karantinda qolishlarini xohlamaydi", - deb yozadi Alisher Fayzullaevich. 

Bu yilgi Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi markazlashgan tartibda o'tkazilishidan xabaringiz bor. Shuningdek, mart oyida JCH saralash bahslari bo'lib o'tishi lozim edi. Taqvimga ko'ra, O'zbekiston MTJ 30 mart kuni safarda Yaman mehmoni bo'lishi lozim edi, biroq bu o'yin sanasi yana o'zgaradi. 

Bizga ma'lum bo'lishicha, OFK JCH saralash o'yinlarida ishtirokini davom ettirayotgan mamlakatlar bilan 16-17 fevral kunlari uchrashuv o'tkazgan hamda mart oyidagi o'yinlarni yozga ko'chirish masalasini ko'rib chiqqan. Bu haqda aseanfootball.org saytida ham ma'lumot chop etilgan. Bu masala bo'yicha 25 fevralda yakuniy onlayn yig'ilish bo'lib o'tishi ko'zda tutilgan.

Shunday bo'lgan taqdirda to'xtab qolgan JCH saralash bahslari 3, 7, 11, 15 iyun kunlariga belgilanadi. OFK o'yinlar sanasi o'zgarganini rasman ma'lum qilganidan so'ng O'zbekiston ishtirokidagi bahslar quyidagicha ko'rinish oladi. 

7 iyun. Yaman - O'zbekiston

11 iyun. O'zbekiston - Singapur

15 iyun. Saudiya Arabistoni - O'zbekiston

Hozircha Singapur va Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinlar sanasi o'zgargani yo'q. Avvaldan belgilanib qo'yilganidek, oxirgi ikkita uchrashuvimiz 11 va 15 iyunga qo'yilgan. Lekin pandemiya davom etar ekan, har narsa bo'lishi mumkin. Hozircha esa martdagi o'yinlar bo'lmasligini ayta olamiz, xolos.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia