O'zgarishlarga muhtoj futbolimiz

Narzulla Saydullayev
17 sen 2013, 10:40
Iordaniyaga qarshi Toshkentdagi uchrashuvdan keyin Mirjalol Qosimov milliy terma jamoaga yangi qon kerakligini ta'kidlab o'tdi.
Uning bu gaplari juda o'rinli, albata. Chunki terma jamoamizdagi kattaroq yoshli futbolchilar uchun mazkur saralash bosqichi jahon chempionatida qatnashish uchun oxirgi imkoniyat edi. Xo'sh, bundan keyin qanday vaziyatga guvoh bo'lishmiz mumkin? Yangi qon, o'zgarishlar o'zbek futboliga qanchalik zarur?

Qosimov bir jihatda tamoman haq edi. Yangi qon kerakligi xususida. Lekin bu hozir faqat milliy terma jamoaga emas, balki butun futbolimizga taalluqli. Ming futbolimiz rivojlanyapti deb balandparvoz ohangda gapirmaylik, buning ta’siri na milliy terma jamoa, na oliy liga saviyasida bilinyapti. Muxlislar esa futbol ko'rishni yaqinda yig'ishtirib qo'yishsa ham ajab emas. Chunki oliy ligada 80 foiz o'yinlar uyqungiz kelishiga sabab bo'ladi xolos. Yoshlar ijobiy natijalarga erishishyapti, biroq ular ketma-ket jahon chempioni bo'lgan taqdirda ham bu hech narsani anglatmaydi. Chunki 21 yoshdan keyin futbolchining qanday kuchayib borishi uning kelgusi faoliyatiga ta’sir ko'rsatadi. Bizda odatda futbolchi shu yoshgacha o'sadi va shundan keyin orqaga ketishni boshlaydi. Xorijda esa 21 yoshdan keyin o'sishni boshlashadi. Lekin muammo faqt bunda emas.

Milliy terma jamoamiz Iordaniyadan mag'lubiyatga uchragani uchun tanqidga loyiqmi? Yoki jahon chempionatiga chiqmagani uchunmi? Menimcha, bu haqida fikr bildirishdan avval boshqa terma jamoalar qanday ishlarni amalga oshirdi-yu, biz nimalar qilganimizga javob berish lozim. Keyrush Erondan ketish niyatida turibdi. Chunki o'rtoqlik o'yinlari etarlicha tashkil etilmayapti. Biz esa bir yilda bir marta o'rtoqlik o'yini o'ynab, shunga xursand bo'lib yuramiz. Futbolchi har qancha kuchli bo'lmasin, terma jamoada kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushmas ekan, jamoaning bir bo'lagi sifatida o'sa olmaydi. Shu ketishda milliy termamiz navbatdagi 2-3 jahon chempionatiga yo'l olishini tasavvur qilishning o'zi qiyin. Nafaqat milliy terma jamoa, balki barcha yoshdagi terma jamoalar muntazam tarzda o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi shart. Faqat saralash bahslari yoki qita chempionati oldidan emas. Yevropada har bir FIFA kunida Germaniya, Italiya, Ispaniya, Gollandiya, Portugaliya kabi mamlakatlarning har bir yoshdagi terma jamoasi zrtoqlik o'yinlarida maydonga tushadi. Natijada yillar o'tishi bilan futbolchi milliy terma jamoa saviyasiga mos holda o'sib boradi. Biz esa Iordaniya bilan bellashuv arafasida bitta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkaza olmayapmiz. Harakatga yarasha barakat. Buni hech qachon o'zgartirib bo'lmaydi.

Bizda asosiy bo'g'in sanalgan oliy, birinchi va ikkinchi ligalardagi vaziyatni o'nglash vaqti keldi. Oliy liganing o'zida “oldi-berdi” to'lib yotibdi. Bu to'g'risida tegishli ma'lumot olish uchun xorijdagi pul tikish saytlariga murojaat qilinsa kifoya. Ularda shubhli o'yinlarning ro'yxati tayyor. Eng qizig'i, ko'pincha o'yinlardan avval jurnalistlar allaqachon qanday natija qayd etilshishi to'g'risida fikr bildirishadi, mikrobloglarda fikr qoldirishadi. Biroq bunga PFL tomonidan reakciya bo'lmayapti. Birinchi ligada kelishilgan o'yinlar borligini Farhod Magometovning o'zi tan olib o'tgandi. Lekin birinchi ligada ko'zida o'ti yonib turgan ko'plab o'yinchilar borligiga guvoh bo'lamiz. Oliy ligada shiddatli uchrashuvlar barmoq bilan sanarli darajada oz. Buning ustiga hakamlar ko'pincha uchrashuvlarning natijasiga ta’sir etadigan xatolarga yo'l qo'yishmoqda. Ikkinchi ligalar esa o'z ahvoliga tashlab qo'yilgan. Avvallari ushbu ligada ham o'rinbosarlar jamoalari o'rtasidagi uchrashuvlar tashkil qilinardi. Bu liga musobaqalari hisobotlar uchun o'tkazilayotgandek. Yevropada murabbiylar oltinchi ligadan futbolchilar topayotgan bir paytda bizda birinchi ligani ham sanoqli mutaxassislar kuzatib borishadi. Ikkinchi ligani esa qo'yavering. Ushbu ligalarda islohotlarni amalga oshirmasdan turib, o'sishga erishish haqida fikrga berilish kulguli.

Biz jahon chempionati yo'llanmasini to'g'ridan-to'g'ri qo'lga kiritgan taqdirimizda ham ushbu muammolarni hal etish kerak bo'lardi. Dastlab futbolga bo'lgan munosabatni o'zgartirib, keyin aniq bir uslubda o'yin shakllantirish va shundan keyin natija talab qilishga o'tish mumkin. Yaponiya singari. Yoshlarni to'g'ri tarbiyalash lozim. Chunki bizda iqtidorli yoshlar ko'p, faqat ular katta futbolda o'z o'rinlarini topib keta olishmayapti. Bunga bir tarafdan murabbiylar mahorati sabab. Chunki kamdan-kam holatlarda klublarda kuchli o'yinchilar tarbiyalanayotganini ko'rib turibmiz. Oxirgi yillarda o'zimizdan birgina Odil Ahmedov kuchli birinchilikka o'tdi. Denisov, Tursunov kabi futbolchilar esa yoshligidan xorij akademiyalariga ko'chib o'tishga ulgurishgandi. Klublar murabbiylarni xorijga malaka oshirishga yuborishi shart. Toshkentda “Pro” diplomini olgan bilan murabbiylarning futbol borasidagi bilimlari ortib ketmayotgani sezilib turibdi. Yoshlarni tarbiyalayotgan murabbiylarni ham vaqti-vaqti bilan xorijga tajriba almashishga yuborish turish zarar qilmaydi. Yoki yoshlar futboliga bir necha nafar chet ellik mutaxassislarni chaqirish zarur. Toki ular bizdagi murabbiylar saviyasi oshishiga shu yerda hissa qo'shishsin. Futbolda barcha tizimni bir-biriga bog'liq shakllantirmasdan turib, doimiy muvaffaqiyatlarga erishish juda mushkul masala. Stadionlar borasidagi vaziyat yaxshilangani bor gap. Endi klublar shu stadionlardan unumli foydalanib, infratuzilmani yanada rivojlantirishga urinishi lozim. Akademiya yoshlari uchun sharoitlarni, sifatli maydonlarni ko'paytirish davr talabi.

Klublar tepasiga futbolni yaxshi tushungan, jamoalarni boshqarishning zamonaviy talablaridan xabardor bo'lgan haqiqiy menejerlar keladigan vaqt bo'ldi. Hozir esa aksariyat jamoalar rahbarlari ajratilgan byudjetning ma'lum qismini o'marish haqida rejalar tuzib chiqishmoqda, klublarni rivojlantirish to'g'risida emas. Aynan shundaylar oqibatida oltinga teng yillar va katta mablag'lar behudaga sarf etilmoqda. Qayd etilayotgan natijalar, klublar futbolining o'sishi hukumat berayotgan e'tiborga yarasha emas. Kerak bo'lsa, O'FFning o'zi jamoalar menejerlarining faoliyatini kuzatib borishi lozim.

Shuningdek, turli miqyosdagi yoshlar va bolalar turnirlarini ko'proq tashkil etish kerak. Aytaylik, maktab, kollej va universitetlar o'rtasida chempionat o'tkazishni yo'lga qo'yish darkor. Aks holda, yanada ko'plab istedodlar e'tiborsizlik tufayli futbol bilan xayrlashishadi. To'g'ri, bunga katta pul ketadi, musobaqalarni kuzatib borish uchun selekcionerlar jalb etilib, ularga haq to'lash zarurati yuzaga keladi. Lekin busiz umumiy futbol miqyosini ko'tarib bo'lmaydi. Ommaviylik bor joydagina ijobiy natijalarni tezroq qo'lga kiritish mumkin.

Umid qilamizki, O'FF rahbariyati futbolimizda zarur bo'lgan o'zgarishlarni amalga oshiradi. Buni millionlab ishqibozlarimiz kutishmoqda.


Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia