

OFK ushbu o'yinlarga o'zbekistonlik nazoratchi va hakamlarni ham jalb etdi.
O'zbekistonlik nazoratchi hakam, FIFA instruktori Farhod Abdullaev 8-12 oktyabr kunlari Xitoyning Jechiang shahrida bo'lib o'tadigan I saralash guruhi o'yinlarida ishlaydi. Ushbu guruhda mezbon - Xitoydan tashqari Yaponiya, Malayziya va Makao ham ishtirok etadi.
Bosh hakam Vladislav Seytlin va yon qanot hakami Husniddin Shodmonov 4-12 oktyabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida bo'lib o'tadigan V guruhi saralash o'yinlarida ishlaydi. Ushbu guruhda final bosqichi yo'llanmasi uchun Iordaniya, BAA, Yaman, Maldiv va Afg'oniston kurash olib boradi.
O'zbekistonlik yon qanot hakami Jahongir Saidov S saralash guruhi o'yinlarida ishlaydi. 8-12 oktyabr kunlari Iroqning Arbil shahrida bo'lib o'tadigan bahslarga taklif etilgan bosh hakamlar orasida, ma'lumot uchun, turkmanistonlik Chorimurod Qurbonov ham bor. Ushbu saralash guruhida, Iroqdan tashqari, Kuvayt, Pokiston va Bangladesh terma jamoalari ham ishtirok etadi.
Eslatib o'tamiz, U-19 Osiyo chempionati saralash bahslarida Aleksey Evstafeev qo'l ostidagi 1995 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ishtirok etadi. Qatar mezbonlik qiladigan saralash bahslarida O'zbekistonga, mezbonlardan tashqari, Hindiston, Turkmaniston va Nepal raqib bo'ladi.


