O'zbekiston U-19 chempionati - Osiyoda yilning eng yaxshi yoshlar ligasi

Sherzod Nurmatov
11 noya 2025, 15:18
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o'tkazilayotgan Grassroot konferenciyasi oldidan AFC Special Elite Youth Football Awards 2025 marosimi bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etib kelinayotgan U-19 chempionati Osiyoda yilning eng yaxshi yoshlar ligasi deb etirof etildi. Mukofotni OFK bosh kotibi o'rinbosari - Shin Man Gil Liganing Musobaqalarni o'tkazish bo'limi bosh mutaxassisi, U-19 chempionati menejeri - Qudratbek Madraimovga topshirdi. Sovrinni topshirish marosimi chog'ida ayni damda Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O'zbekiston U-17 terma jamoasi safidagi aksariyat futbolchilar aynan ushbu musobaqada shakllanganini alohida ta'kidlab o'tildi.

Mazkur nufuzli mukofot har yili muntazam ravishda topshiriladi. So'nggi ikki yil davomida bu sovringa Yaponiyaning turli yosh toifalaridagi ligalari sazovor bo'lgan edi. Joriy yilda esa ushbu mukofot O'zbekiston U-19 chempionatiga nasib etdi.  

Tanlovda g'olibni aniqlashda bir qator mezonlar - musobaqa tashkilotchiligi, yil davomida o'tkazilgan o'yinlar soni, infratuzilma darajasi, hakamlik sifati, murabbiylarning malakasi hamda so'nggi yillarda mazkur chempionatdan yetishib chiqqan professional futbolchilar soni inobatga olindi. Yuqoridagi ko'rsatkichlar bo'yicha U-19 chempionati Osiyoda tengsiz deb topildi.

Ma'lumot uchun, ayni kunlarda U-19 chempionatining pley-off o'yinlari markazlashgan holda Toshkentdagi "Jar" stadioning zaxira maydonida o'tkazilmoqda. Final uchrashuviga esa "Jar" stadionining asosiy maydoni mezbonlik qiladi. Bundan tashqari, o'zbek futboli iqtidorlarining eng katta bozori hisoblangan musobaqaning kuchli futbolchilari ishtirokidagi bahslar Liganing zamonaviy ko'chma televizion stanciya vositasida jonli efirda Liganing YouTube'dagi rasmiy sahifasi orqali yuqori sifatda namoyish etilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz