O'zbekiston (U-16) terma jamoasi Turkiyada ikki g'alabaga erishdi

Temur Olimxo'jaev bosh murabbiyligidagi 1998 yilgacha tug'ilgan futbolchilardan tashkil topgan O'zbekiston (U-16) o'smirlar terma jamoasi 21-31 avgust kunlari Turkiyada navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazmoqda.
Ushbu yig'in doirasida bir qancha nazorat uchrashuvlari o'tkazilmoqda. Hozirgi kungacha terma jamoamiz ikkita uchrashuv o'tkazdi va ikki g'alabaga erishdi. Jumladan 23 avgust kuni "Istambul Sport" (U-17) ga qarshi kechgan uchrashuvda vakillarimiz yirik 7:1 hisobida g'alabaga erishdi. Kecha esa navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi. "Beshiktosh" (U-17) ga qarshi kechgan uchrashuvda ham o'smirlarimiz 3:2 hisobida g'alaba qozondi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi 2014 yili Tailand mamlakati mezbonlik qiladigan U-16 o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionati final bosqichi saralash bahslarida ishtirok etadi. Ma'lumot o'rnida, V guruhi o'yinlariga 2013 yilning 25-29 sentyabr kunlari O'zbekiston poytaxti Toshkent mezbonlik qiladi. O'yinlar Toshkentdagi JAR ctadionida bo'lib o'tadi. Xabaringiz bor, U-16 o'smirlar o'rtasidagi OCH-2014 saralash bahslariga avvalroq qur'a tashlangan va unga ko'ra, Temur Olimxo'jaev qo'l ostidagi 1998 va undan keyingi yillarda tug'ilgan futbolchilardan iborat O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi (U-16) Falastin, Yaman hamda Maldiv orollari o'smirlar terma jamoalariga qarshi to'p suradi.

Manba: championat.asia