O'zbekiston terma jamoasi 2 iyun kuni Toshkentda Ekvatorial Gvineya bilan o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
23 may 2016, 16:05
O'zbekiston milliy terma jamoasi 2 iyun kuni Toshkentda Ekvatorial Gvineya milliy terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi.

Ikkala federatsiya rasmiylari o'rtasida o'tkazilgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi va terma jamoalar 2 iyun kuni Toshkentda o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishdilar. Unga ko'ra, mazkur o'rtoqlik o'yini 2 iyun kuni Toshkentdagi Bunyodkor stadionida bo'lib o'tadi. Uchrashuvning boshlanish vaqti 19:00ga belgilangan.

Ma'lumot uchun, ayni damda FIFA reytingida 83-o'rinda borayotgan Ekvatorial Gvineya terma jamoasi 2015 yilda o'zi mezbonlik qilgan Afrika Millatlar Kubogi musobaqasida yarim finalga qadar yetib borgan.  Ekvatorial Gvineya terma jamoasini hozirda argentinalik Esteban Bekker boshqarib bormoqda.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston milliy terma jamoasi mazkur o'yindan so'ng, 4 iyun kuni rasmiy o'yinlardan oldingi ilk yig'inini o'tkazish uchun Avstriyaga jo'nab ketadi va u yerda 7 iyun kuni Kanada milliy terma jamoasiga qarshi navbatdagi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi.

JCH-2018 3-saralash bosqichidagi ilk uchrashuvini esa, O'zbekiston terma jamoasi 1 sentyabr kuni “A” guruhi 1-turi doirasida Toshkentda Suriya terma jamoasiga qarshi o'tkazadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com