O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Turkiyadagi yig'inni yakunlab, Toshkentga qaytib keldi

Narzulla Saydullayev
4 mar 2019, 14:36
Avval xabar berib o'tganimizdek, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi 14 fevral kuni Ispaniyada yig'inga kirishgan edi.

Terma jamoa a'zolari u yerda 25 fevralga qadar mashg'ulot olib borishdi.

Yig'in davomida futbolchilarimiz Shveytsariyaning "Delemon" (2:2) va Gruziyaning "Lokomotiv" (3:2) jamoalariga qarshi o'rtoqlik o'yinlari o'tkazishdi. Shundan so'ng Lyubinko Drulovich boshchiligidagi Olimpiya terma jamoasi Turkiyada yig'inni davom ettirdi. Turkiyadagi yig'in davomida vakillarimiz "Istambul Bashakshehir" klubining U-23 jamoasiga qarshi o'yin o'tkazib, 1:1 hisobida durang qayd etishdi. Kecha futbolchilar Turkiyadagi yig'inni yakunlab, yurtimizga qaytib kelishdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o'tkaziladigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Terma jamoamiz a'zolari Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalari bilan kuch sinashishadi.




O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz