O'zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi “Paxtakor”da ish boshlashga yaqin turibdi

Narzulla Saydullayev
4 iyun 2020, 13:10
Karantindan so'ng “Paxtakor” jamoasi murabbiylar shtabiga yana bir mutaxassis qo'shildi.

Shu vaqtga qadar O'zbekiston milliy terma jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan tajribali mutaxassis Denis Ivankov klub tizimida ish boshlash arafasida. Hozirda kiperlarni shug'ullantirayotgan turkiyalik murabbiy Ibrohim Yilmaz karantinda ekanligi bois posbonlar bilan vaqtincha Denis Ivankov ishlamoqda. Buni uning o'zi ham saytimizga ma'lum qildi. 

“Hozircha vaqtincha darvozabonlarni shug'ullantirib turibman. Keyin nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi. Lekin, “Paxtakor”dan aniq taklif bor”,- deydi Denis Aleksandrovich.

Ma'lumot o'rnida, mutaxassis futbolchilik faoliyati davomida 1992, 1994-1995 yillarda “Paxtakor” safida to'p tepgan. 2006 yil ma'lum vaqt darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlaganini ham aytish joiz. Demak, “sherlar” uning uchun begona emas.

Eslatib o'tamiz ushbu murabbiy uchun klub miqyosida ishlash birinchi marotaba bo'layotgani yo'q. Bungacha Ivankov “Mashal”, “Nasaf” jamoalarida samarali mehnat qilib ko'plab kiperlarni tarbiyalagan va katta futbolda o'z o'rniga ega bo'lishida katta hissa qo'shganligi ko'pchilik uchun sir emas.

Denis Ivankovning otasi, marhum Aleksandr Ivankov 1995, 1996-1997, 2000 yillarda “Paxtakor” jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat ko'rsatgan.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia