

"Birinchi O'zbekiston Kubogi finali 1992 yil 25 oktyabr kuni Samarqandda bo'lib o'tgan. Aynan shu kuni O'zbekiston terma jamoasi Ashhobodda Markaziy Osiyo Kubogi doirasida uchrashuv o'tkazgan. Jurnalistlar Kubok finali nega bu sanaga qo'yilganini so'rashganda, futbol federatsiyasi vakillari va terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Akramovning javoblari bir-biriga teskari bo'lgan.
Federatsiyadagilar bosh murabbiy bunga qarshi bo'lmaganini, uning jamoasi "Navbahor" va Qo'qon klubi o'rtasida bo'ladigan final ishtirokchilarisiz raqibni mag'lub eta olishi haqida gapirganini aytishgan. O'sha paytda terma jamoaning har bir yig'iniga "Navbahor"dan 3 (Ulug'bek Ro'zimov, Azamat Abduraimov va Rustam Zabirov) va Qo'qon jamoasidan 1 nafar futbolchi (Rustam Abdullaev) chaqirilar edi.
Rustam Akramov esa boshqa gaplarni aytgan. Uning so'zlariga ko'ra, federatsiya murabbiyning fikri bilan qiziqmagan. Natijada terma jamoa Ashhobodda mag'lubiyatga uchragan.
Nega bunday bo'ldi? Finalni boshqa kun o'tkazishning iloji yo'qmidi? Avvaliga final sanasi boshqacha bo'lgan. O'yin avgustda o'tishi kerak edi. Uchrashuvga "Paxtakor" stadioni mezbonlik qilishi kerak bo'lgan. Biroq o'yin xavfsizlik nuqtayi nazaridan boshqa sanaga ko'chirilgan. Xavfsizlik xizmati vakillari "Paxtakor" stadioni hukumat binosiga yaqinligini xavfli deb hisoblashgan. Bu sabab tufayli "Paxtakor"ning ikkinchi davradagi o'yinlari ham boshqa arenada o'tkazilgan. "Sherlar" noyabrgacha raqib jamoalarni Qibrayda qabul qilgan.
Federatsiya fikriga ko'ra, 25 oktyabr - finalni o'tkazish uchun yagona kun bo'lgan. O'sha paytdagi rahbariyat chempionat taqvimini o'zgartirib bo'lmaydi deb hisoblagan. Finalning ko'chirilishi yana bir muammoni tug'dirdi. Qo'qon jamoasi final oldidan uyida "Orol" bilan o'ynashi kerak edi. O'sha uchrashuvni sariq kartochkalar tufayli qo'qonliklarning to'rt futbolchisiz o'tkazib yuborishi kerak bo'lgan: Darvozabon Osmanov, yarim himoyachilar Atoyan va Rahmonqulov hamda hujumchi Abdullaev.
O'sha yili reglamentda ikkita o'yinda qatnashmagan jamoa diskvalifikaciya qilinishi haqida band yo'q edi. "Orol"da moliyaviy muammolar borligi tufayli, Kosonsoy va Qo'qonda bo'ladigan o'yinlarga bormagan. O'sha paytlarda qo'qonliklar jamoasining nomi "Temiryo'lchi" bo'lgan. Klub rahbariyati Nukus klubiga qo'qonliklar hisobidan poezdga biriktirilgan vagonda kelishni taklif qiladi. Ammo "Orol" taklifni rad etadi. Bu qarorda "Navbahor" vakillarining ta’siri bo'lishi mumkin. Chunki Qo'qon jamoasi finalda 4 muhim futbolchisiz o'ynashi kerak bo'lardi.
Qo'qon klubi federatsiyaga murojaat qilib, diskvalifikaciya qilinganlarni maydonga tushirish haqida ruxsat so'raydi. Vajlar quyidagicha bo'lgan:
- Final muddati o'zgarmaganda bu futbolchilar chetlatilmagan bo'lardi
- "Orol" chempionat o'yinini o'tkazganda, futbolchilarning diskvalifikaciyasi yakunlanardi
Federatsiyadagilar bu dalillarni hisobga olib, to'rt futbolchiga finalda maydonga tushishga ruxsat berishdi.
Biroq ular chempionatning keyingi o'yinini o'tkazib yuborishdi. Ular taqdir taqozosi bilan "Paxtakor" mehmoni bo'lishdi. Ammo bu boshqa hikoya".
1992 yil, 25 oktyabr
"Navbahor" - "Temiryo'lchi" 0:0 (6:5 pen. seriyasi)
Turkmaniston - O'zbekiston 1:0



