O'zbekiston futzal termasi Sanae Giti Pasand bilan o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
22 okt 2013, 12:33
Eronning Sanae Giti Pasand klubi O'zbekiston futzal terma jamoasi va Toshkentning Bunyodkor klubi bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazadi.

Osiyoning eng kuchli futzal klublaridan biri hisoblangan Sanae Giti Pasand jamoasi 23 oktyabr, chorshanba kuni Toshkentga yetib keladi. Eronlik futzalchilar tashrif davomida bir qator o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazishadi. Jumladan, 24 oktyabr kuni Toshkentning Bunyodkor klubi Sanae Giti Pasandga raqib bo'ladi.

26-27 oktyabr kunlari Sanae Giti Pasand futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasiga raqib bo'ladi. Har ikkala o'yin, xuddi Bunyodkorning o'yini singari, Toshkentdagi O'zbekiston sport majmuasida o'tkaziladi. Barcha o'yinlar 12:00da boshlanadi.

Eronning Isfahon shahri sharafini himoya qiluvchi Sanae Giti Pasand futzal klubi 2010 yilda tashkil etilganiga qaramay, qisqa fursat ichida nafaqat Eron, balki Osiyoning eng kuchli jamoalariga qatoriga qo'shildi. Jamoa 2012/2013 yilgi mavsumda Eron chempionligini qo'lga kiritgan bo'lsa, klublar o'rtasidagi 2012 yilgi Osiyo chempionati finalida Toshkentning Ardus jamoasini mag'lub etib, qitada tengsiz bo'lgandi. Isfahonliklar 2013 yilgi Osiyo chempionatida ham finalga qadar yetib borishdi, biroq hal qiluvchi o'yinda Tailandning Chonburi jamoasiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.

E'tiborli tomoni, Sanae Giti Pasand tarkibidagi aksariyat o'yinchilar Eron futzal terma jamoasi a'zolari hisoblanishadi. 2012 yili Tailandda bo'lib o'tgan jahon chempionatida Muhammad Kashovarz terma jamoa sardori sifatida maydonga chiqqan, shuningdek, Sanaedan Afshin Kozimiy, Husayn Toyibiy, Ahmad Ismoilpur, Sepahr Muhammadiy kabi o'yinchilar chaqirilgan edi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz