O'smirlar mundiali muammolari

Narzulla Saydullayev
29 iyul 2013
Turkiyada yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati yakuniga etdi. Endi bizni shu yilning oktyabr va noyabr oylarida bo'lib o'tadigan o'smirlar ishtirokidagi mundial bahslari kutmoqda.
BAAda o'tkaziladigan musobaqa biz uchun ham ahamiyatli. Unda Dilshod Nuraliev boshchiligidagi o'smirlarimiz ishtirok etadi, qolaversa, bu musobaqa qitamizda tashkil etiladi. 2017 yilgi o'smirlar mundialiga mezbonlik qilishni xohlayotgan mamlakatlar qatorida biz ham bormiz. Xo'sh, BAAda hozir qanday muammolar kuzatilmoqda?

Birinchi o'rinda Turkiyadagi yoshlar chempionati haqida qisqacha to'xtalib o'tsak. Turnirning tashkilotchilik saviyasiga yaxshi baho bergan edik. Lekin FIFA xodimlari musobaqa mobaynida tashkilotchilik borasida ko'plab muammolar kelib chiqqanini takidlashgan. Demak, Turkiya umumiy baho berganda ishonchni unchalik oqlay olmagan. Boshqa tarafdan yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatlari asosan o'rtacha sharoitlarga ega bo'lgan, biroq kattalar mundialini qabul qilishga imkoniyati katta bo'lmagan mamlakatlarga beriladi. Turkiya esa FIFAning terma jamoalar uchun ikkinchi raqamli musobaqasini o'zida qabul qilib bo'ldi. Kattalar jahon chempionati borasida esa ularning imkoniyati katta emasligi barchaga ayon. Lekin turklar 2020 yilgi Olimpiadani Istanbulda o'tkazish uchun ariza berishgan. Olimpiadani bir shaharda o'tkazish imkoniyati mavjud. Lekin jahon chempionati uchun butun mamlakat bo'ylab turli darajadagi ishlarni amalga oshirish shart.

Turkiyadan farqli ravishda BAA ancha kichik mamlakat va bu erda tashkiliy ishlarni ajoyib holatga keltirish mumkin. Xuddi Qatardagi Osiyo Kubogi singari. Qatarda jamoalar va jurnalistlarga juda yuqori darajadagi sharoitlar muhayyo etilgandi. Jurnalistlar uchun OFK tomonidan tavsiya qilingan mehmonxonalardan media markazga maxsus avtobusda yetib kelish, bu erdan esa o'yinlar bo'layotgan stadionlar, mashg'ulotlar o'tkazilayotgan maydonlarga bemalol yetib borish imkoniyati mavjud edi. Mashg'ulot bo'layotgan maydonlardan esa uchrashuvlar bo'ladigan stadionlarga ham avtobuslar jadval asosida qatnardi. Agar BAA istasa, o'smirlar mundialini shunday tarzda tashkil etishi mumkin. Lekin buning uchun katta miqdorda mablag' kerak bo'ladi. Qatarda ishtiyoq bor edi. Ular butun dunyo Qatar jahon chempionatini o'tkazishni FIFAdan sotib olganini gapirayotgan bir paytda o'zlarining imkoniyatini barchaga ko'rsatib qo'yishni xohlashgandi. Ular bu bilan tanqidchilarning ovozini o'chirib qo'ya olishdi desa bo'ladi. Chunki hozir faqat mundialning qaysi faslda bo'lib o'tishi muhokama qilinyapti xolos. 2 yildan keyin Avstraliyada Osiyo Kubogi o'tkaziladi. Avstraliyaliklarning o'zlari Qatardagi sharoitlarga qoyil qolib, bu kabi sharoitni yaratish juda qiyin bo'lishini takidlashgandi. BAAda esa bunday ishtiyoq kuzatilmaydi. Chunki arablar mintaqasiga shu bilan jahon chempionatini tashkil qilish imkoniyati yana qachon berilishini hech kim bilmaydi. BAA 2019 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligi uchun ariza topshirgan, biroq OFKning musobaqalarni o'tkazishda o'z talablari bor.

Demak, BAAdagi birinchi muammoli holat stadionlar bilan bog'liq. Biz hamisha OCHL uchrashuvlarini kuzatib, u erdagi stadionlarda kamchiliklar deyarli yo'qligi haqida ta'kidlab kelganmiz. Lekin FIFAning jahon chempionati o'tkazish uchun maxsus talablari bor. Shunga ko'ra, o'yinlar bo'lib o'tadigan stadionlarning 5tasida sharoitlar o'sha talablarga javob bermaydi. Biroq ularda hali zarur ta'mirlash ishlari boshlanmagan. Chempionat esa oktyabr oyining ikkinchi yarmida start oladi. Bundan ko'rinib turibdiki, mahalliy tashkilotchilar oldida unchalik ko'p vaqt qolgani yo'q. Barcha ishlarni bajarish uchun ishchilar soni yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Natijada ishlar o'z vaqtida bajarilmayapti. Bunga esa chempionatni o'tkazish uchun ajratilgan mablag'ning tugagani sabab bo'lgan. Kim ham BAAda shunday vaziyat kuzatilishi kutgan? Hech kim. Aslida mablag' yo'q emas, shunchaki dastlab ajratilgan pul ishlatib bo'lingan. Qo'shimcha pul ajratib berishda esa muammolar kelib chiqmoqda. Bu erda BAA futbol federatsiyasining FIFA bilan bazi masalalarni kelisha olmayotgani asosiy o'ringa chiqmoqda. Bu erda gap FIFAning mezbon mamlakatga ajratadigan puli haqida ketyapti. 2007 yil FIFA Janubiy Koreyaga mundialni tashkil qilish uchun 6-7 million AQSH dollari mablag'ida pul bergan. Nigeriya buning uchun 30 mln, Meksika esa 15 mln dollarni qo'lga kiritgan. BAAga hozircha FIFA 3 million mablag' ajratishga tayyor ekanligini ma'lum qilgan. Albatta, boshqalarga qaraganda ancha kam mablag' olayotgan BAA bundan norozi. Bu holat esa o'smirlar jahon chempionatining tayyorgarlik ishlariga salbiy ta’sir ko'rsatmoqda.

Stadionlarda projektorlarning 2000 lyuks yorug'lik bera olmasligi eng asosiy muammolardan biri edi. FIFA stadionlarda bu miqdor 1500 lyuksni tashkil etishiga rozilik bildirgan. 4 stadionda bu borada muammo bo'lmaydi. Biroq qolgan 3 stadionda yoritishni 1500 lyuksga etkazish uchun jami 2,5 mln AQSH dollari miqdorida mablag' zarur bo'larkan. O'smirlar jahon chempionati byudjeti 15 million dollardan iborat. Lekin hozir qolgan sharoitlarni yaratishga yana 5-6 million miqdorida mablag' kyetishi aniq. Balki, bunday vaziyatda FIFA BAA futbol federatsiyasining talabiga ko'nishga majbur bo'lar. Yani, chempionat xarajatlari uchun belgilangan smetani oshirar. Boshqa davlatlarga ajratilgan pul miqdori ancha baland bo'lgani amirliklar vakillarining asabiga o'ynagan bo'lishi ham mumkin. Ayni paytda ma'lum principga asoslangan qarama-qarshilik kuzatilmoqda deyish mumkin. Chunki BAA istagan taqdirda katta mablag' sarflash imkoniyatiga ega.

Stadionlar masalasiga kelsak, yana 3 stadionda tablolarni almashtirish lozim. Hozirgi tablolar FIFA talablariga mos kelmaydi. Biz juda yaxshi holatda deb o'ylagan stadionlarda shunday kamchiliklar bo'lgani ko'rsatadiki, jahon chempionatini tashkil qilish oson ish emas. U o'smirlar yoki yoshlar o'rtasida o'tkazilayotgan bo'lsa ham. Jurnalistlar uchun esa stadionlar, OFK tomonidan tavsiya qilingan mehmonxonalar va media markazlar o'rtasida avtobus qatnovi yo'lga qo'yilishi hozircha hal etilmagan. Agar pul bilan bog'liq holat ijobiy hal qilinmasa, buning bo'lmasligi haqiqatga yaqinroq. Faqat media markazi va stadionlarda jurnalistlarga qulay sharoitlar yaratiladi.

BAA ham xuddi Turkiya singari FIFAning boshqa katta ahamiyatli turnirlariga yaqin orada boshqa davogarlik qilmasa kerak. Chunki yoshlar va o'smirlar mundialini qabul qilish istagida bo'lgan davlatlar etarlicha. Lekin mehmonxona, yo'llar infratuzilmasi, stadionlar, mashg'ulot maydonlari va boshqa jihatlar borasida yaxshi holatda bo'lgan shunday mamlakatlarning chempionatni o'tkazishda muammoga duch kelgani bizga saboq bo'lishi lozim. Chunki 2017 yilgi o'smirlar mundialini o'tkazish uchun davogarlik qilayotgan davlatlar safidan o'rin olganmiz. Bunday tajribalar esa bizga asqotishi aniq.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia