Osiyo xabari. Rizo Guchannajod “Quvayt SK”ga o'tdi

7 avg 2014, 12:30
OFK Kubogining amaldagi g'olibi “Quvayt SK” o'z tarkibini eronlik hujumchi bilan to'ldirib oldi.
Quvaytning eng mashhur jamoalaridan biri Angliyaning “Charlton” klubi bilan kelishuvga erishib, Rizo Guchannajodni qo'lga kiritdi. Shu haftaning seshanba kuni futbolchi Londonni tark etib, Quvaytga yo'l oldi.

“Charlton” bosh murabbiyi Bob Piters bu transferga quyidagicha munosabatda bo'ldi: “Rizoning o'zi ketishni xohladi, natijada biz uni qo'yib yubordik. U jahon chempionatidan so'ng boshqa chempionatda o'ynamoqchiligini ma'lum qildi, keyin esa Quvaytga jo'nab ketdi”.

Muxlislar orasida “Guchchi” laqabi bilan tanilgan Guchannajod bundan buyon faoliyatini “Quvayt SK”da davom ettiradi. Eslatib o'tamiz, ushbu klub safida eronlik yana bir futbolchi Javod Nekunam ham o'ynayapti.

Manba: championat.asia