

Ushbu bahs g'olibi 7 fevral kuni Saudiya Arabistonida "Al Fateh" mehmoni bo'ladi. Ana o'sha uchrashuv g'olibi OCHL-2017 guruh bosqichiga yo'l oladi.
Biz o'quvchilarimizga O'zbekiston klublarining o'tgan yillarda Osiyo chempionlar ligasi pley-off bosqichida qanday ishtirok etishgani haqida ma'lumot berishga qaror qildik.
Musobaqa aynan Osiyo chempionlar ligasi deb atala boshlangan 2002-2003 yilgi mavsumda ikki klubimiz pley-offda o'ynagan. Farg'onaning "Neftchi" klubi dastlab Yamanning "Al Ahli" klubini ikki o'yin natijasiga ko'ra 8:1 (6:0, 2:1) hisobida taslim qilgan. Ikkinchi saralash bosqichida Sarkisyan shogirdlari Osiyoning eng kuchli klublaridan biri hisoblangan Tehronning "Istiqlol" klubiga qarshi tengma-teng o'yin o'tkazishgan. Farg'onada 2:1 hisobida g'alaba qozongan "Neftchi" safarda 0:1 hisobida yutqazib faqatgiina safarda urilgan gol qoidasi tufayligina guruh bosqichidan chetda qolgandi.
O'sha yil Toshkentning "Paxtakor" klubi ilk bosqichda Qatarning "Al Ittihod" klubini ikki o'yin natijasiga ko'ra 6:4 (3:4, 3:0) hisobida mag'lub etib navbatdagi bosqichga chiqqandi. Hal qiluvchi bosqichda "sherlar" BAAning "Al Ahli" klubini ikkala uchrashuvda ham (3:2, 1:0) mag'lub etib guruh bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritishgandi.

Shundan so'ng uzoq vaqt klublarimiz pley-offda o'ynashmadi. Faqat 2012 yilga kelibgina Farg'onaning "Neftchi" klubi guruhga chiqish uchun saralashda qatnashdi. Dubayning "Al Shabab" klubiga qarshi o'tgan o'yinda Azizbek Haydarov jamoadoshlari 3:0 hisobida g'alaba qozonib "Neftchi"ni musobaqadan chiqarib yuborishgandi.
Bir yil o'tib Toshkentning "Lokomotiv" klubi musobaqadagi debyutini aynan shu bosqichda o'tkazgan. BAAda "Al Nasr"ga qarshi o'tgan uchrashuvda "temiryo'lchilar" 2:3 hisobida alamli mag'lubiyatni qabul qilib olishgandi hamda OCHL bilan juda tez xayrlashishgandi.
2014 yil bir yo'la ikki klubimiz omadini pley-offda sinagan. Qatarda "Al Jayish" mehmoni bo'lgan Qarshining "Nasaf" klubi 1:5 hisobidagi yirik mag'lubiyat bilan ortga qaytgan edi. "Lokomotiv" esa Toshkentda "Quvayt SK" klubini qabul qilib 1:3 hisobida yutqazib qo'ygan va ketma-ket ikkinchi bor guruh bosqichiga chiqish imkoniyatidan foydalana olmagan edi.

2015 yilgi mavsumda "Bunyodkor" OCHL pley-off bosqichida ilk bor o'yin o'tkazgan. BAAning "Al Jazira" klubiga qarshi Toshkentda kechgan bahsda "qaldirg'ochlar" 2:1 hisobida g'alaba qozonib guruh bosqichi yo'llanmasiga ega chiqishgandi.
O'tgan yil ham aynan "Bunyodkor" ushbu bosqichda maydonga tushgan. Bu safar ham "qaldirg'ochlar"ga omad kulib boqdi. Aziz Haydarov boshchiligidagi "Al Shabab" Toshkentdan 0:2 hisobidagi mag'lubiyatni qabul qilib olgandi.
Yuqoridagi o'yinlar tarixga aylanib bo'lgan. Qarshining "Nasaf" klubi pley-offda bir marta o'ynab yirik hisobda mag'lub bo'lgani ham tarixda qolgan. Bugun "ajdarlar" o'zlari uchun yangi tarix yaratishadi. Bu tarix Ro'ziqul Berdiev jamoasi uchun g'alabali boshlanishiga umid qilamiz.
Narzulla Saydullaev



