O'sish bor: O'rtoqlik o'yinidagi raqib Turkiya

Narzulla Saydullayev
15 iyul 2013, 11:51
O'tgan haftada “Terma jamoalar markazi” 14 avgust sanasida Turkiya bilan milliy terma jamoamiz uchrashuv o'tkazishi haqida rasmiy ma'lumot tarqatdi.
Bu esa muxlislar qatori jurnalistlarni ham juda xursand etdi. Chunki shunday yaxshi saviyadagi raqiblarga qarshi ko'proq o'yin o'tkazish orqali saviyani o'stirish mumkin. Turkiya milliy terma jamoasini hozirgacha o'zimiz o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan raqiblar orasida eng nomdor jamoalardan biri sifatida aytib o'tish mumkin.

Turkiya 2002 yilgi jahon chempionatida uchinchi o'rinni egallagan. 2008 yilgi Yevropa chempionatida ham jamoa yarim finalgacha yetib keldi. Lekin shundan so'ng turklarda pasayish ko'zga tashlandi. Ular yirik turnirlarni tomoshabin bo'lib kuzatishdi. Turkiyaga saviya borasida yaqinroq kelgan jamoa deb Ukrainani ko'rsatish mumkin. Ukrainlar bilan o'ynagan paytimizda bu jamoa jahon chempionatida chorak finalga chiqib, Yevropada kuchlilar qatoriga qo'shilgandi. Aynan shunday saviyadagi terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish yordamida Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Saudiya Arabistoni singari terma jamoalar sezilarli miqdorda o'sishga erishganlar.

O'rtoqlik o'yinlariga raqiblar tanlanganda ularning saviyasini borgan sari oshirib borish darkor. Yani, 14 avgustda Turkiya bilan o'ynadikmi, navbatdagi FIFA sanasida yanayam kuchliroq raqibni topish lozim. Shunda futbolchilar ham sekinlik bilan individual va jamoaviy tarzda o'sib borishadi. Tajribali va nomdor o'yinchilarga qarshi harakat qilish futbolchilarning o'z kuchiga bo'lgan ishonchini oshiradi. Qiyin vaziyatlardan qay tariqa chiqib ketishni o'zlashtirishadi. Bu esa hal qiluvchi bellashuvlarda qo'l keladi. Shunday holat yordamida Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya va Eron terma jamoalari jahon chempionati saralash bahslarida mushkul holatlardan bir necha bor chiqib ketishdi. Ayniqsa, Avstraliya hamda Eron ko'pchilik shubha bildirgan vaqtda o'ziga kelib, mundial yo'llanmasiga ega chiqishni uddaladi. Ruhiyat bilan bog'liq muammolardan tashqari kuchlilar bilan o'yin tashkil qilishda kamchiliklarimiz sezilib qoladi. Ularni tuzatish, turli variantlarni ishlab chiqish, turli taktik uslublarni qo'llab ko'rishda kuchli jamoalarga qarshi o'rtoqlik bahslari yordam beradi. O'zbekistonlik muxlislar esa oxirgi 4 yil ichida faqat 1 bor Toshkentda o'rtoqlik o'yini o'tkazilganiga guvoh bo'lishgandi. O'tgan yilning sentyabr oyida Quvaytning barcha yetakchilari bo'lmagan terma jamoasi yurtimizda mehmon bo'lgandi. Ungacha esa 2009 yilda Bosniya va Eron milliy termalariga qarshi bahslar o'tkazilgandi. Terma jamoamizning ortiqcha bosimsiz, o'z o'yin saviyasini yaxshilash maqsadida maydonga tushishini sog'inib qolgan ishqibozlar endi 14 avgust kuni “Paxtakor” Markaziy stadionida o'tkaziladigan bellashuvni miriqib tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Bir narsani alohida ta'kidlab o'tish kerak. Bizda jahon yoki Osiyo chempionati o'yinlari arafasida o'zimiz o'ynaydigan raqibga o'xshash jamoani topishga harakat qilamiz. O'rtoqlik uchrashuvi uchun. Lekin Yaponiya yoki Koreya bilan o'ynaydigan bo'lsak, ularga qarshi shu mintaqadagi kuchsiz jamoaga qarshi o'yin yordamida tayyorlanish mushkul. Uning o'rniga Shotlandiya, Norvegiya, Daniya singari Yevropaning haqiqiy o'rtamiyona terma jamoalari bilan kuch sinashgan maqul. Chunki jismoniy va taktik taraflama yevropaliklar futboli bugungi kunda jahonda yetakchilik qilayotgani hech kimga sir emas. Umid qilamizki, yaqin vaqtlar ichida biz milliy jamoamizning boshqa jamoalar bilan o'yinlarda maydonga tushishiga guvoh bo'lamiz. Agar jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritsak, biz bilan tekinga o'ynashga tayyor jamoalar chiqishi mumkin. Aks holda, bunday jamoalarni katta mablag' evaziga bo'lsa ham Toshkentga taklif etish kerak. Chunki 500 ming dollargacha pul uchun bizga qarshi o'rtoqlik o'yinida maydonga tushishga rozi bo'lgan jamoalar etarlicha topilishi tabiiy. Buning pulini bemalol chiptalar savdosidan tushgan mablag' bilan ishlab topsa bo'ladi. Bu ham terma jamoa a'zolariga, ham ishqibozlarga yoqib tushardi.

Hozirga qadar Yevropa terma jamoalaridan bir qanchasi bilan maydonga tushganmiz. Terma jamoalari safida harakat qilgan mashhur futbolchilar uchragan. Belarusda Valeriy Kutuzov, Valentin Belkevich, Maksim Romashenko, Sergey Gurenko, Aleksandr Xackevich, Bosniyadan Emir Spaxich, Estoniyadan Konstantin Vasilev, Rami Piiroyya, Ukrainadan Andrey Shevchenko, Artyom Milevskiy, Andrey Voronin, Aleksandr Timoshuk, Armanistondan Genrix  Mxitaryan, Markos Piccelli, Latviyadan Maris Verpakovskiy, Konstantin Zemlinskiy, Albaniyadan Lorik Cana, Chernogoriyadan Simok Vukchevich, Stefan Savich, Isroildan Yossi Benayun, Slovakiyadan Vretislav Greshko, Marek Mintal singari Yevropaga mashhur yulduzlar vakillarimizga qarshi to'p tepishgan. Ular orasida hozirgi kunda Spaxich, Voronin, Timoshuk, Mxitaryan, Cana, Savich va Benayun kuchli jamoalarda o'ynashni davom ettirishmoqda. Yevropa termalaridan faqat Bolgariya va Vengriya biz bilan 2001 yil kuchli bo'lmagan tarkiblarida harakat qilishgan. Turkiya terma jamoasida esa bir qator yulduzlar bor. Gekxan Zan, Omar Toprak, Arda Turon, Nuri Shahin, Selchuk Inan, Mehmet Ekichi, Burak Yilmaz, Mavlut Erdinch singari yulduzlar Toshkentga tashrif buyurishi mumkin. Lekin Abdulloh Ovchi Turkiya terma jamoasi yig'iniga kimlarni taklif qilishini hozir bilmaymiz. Bu holat federatsiyalar o'rtasidagi shartnomada aniqlab olinadi.

Turkiya bilan terma jamoalar miqyosida besh bor to'qnash kelganmiz. 2002 yil Toshkentda Turkiyaning 20 yoshgacha bo'lgan termasi mehmon bo'lgan va 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. O'shanda bu jamoa safida Semih Shenturk va Umut Bulut kabi kelajakda mashhur o'yinchilarga aylangan futbolchilar to'p tepishgandi. 16 va 20 yoshgacha bo'lgan jamoalar miqyosida yana to'rt bellashuvda turklarga qarshi futbolchilarimiz maydonga tushganlar. Shu yil Ahmadjon Musaev shogirdlari Turkiya yoshlar termasi bilan o'rtoqlik uchrashuvida harakat qilib, 2:5 hisobida imkoniyatni boy berishgandi. Turkiya Yevropada o'z o'rniga ega jamoalardan. 14 avgust kuni biz imkoniyatlarimizni bilib olish uchun yana bir yaxshi imkoniyatga egamiz.

“Terma jamoalar markazi”, O'FF bundan keyin ham shunday saviyadagi raqiblar bilan o'rtoqlik bahslarini ko'proq tashkil etib turishi lozim. Bu milliy terma saviyasida bir pog'ona yuqorilashimizga imkoniyat taqdim etadi.

01.06.2013   O'zbekiston 0:3 Turkiya   16 yoshlilar
20.02.2013   Turkiya 5:2 O'zbekiston   20 yoshlilar
31.05.2012   O'zbekiston 2:1 Turkiya   16 yoshlilar
11.06.2011   Turkiya 6:0 O'zbekiston   16 yoshlilar
27.07.2002   O'zbekiston 1:0 Turkiya   20 yoshlilar

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia