“Orol”ning ikkita o'yinda 11ta gol o'tkazib yuborishi va vodiydan quruq qaytishi xaqida

17 avg 2013, 14:40
Ma'lumki, payshanba kuni birinchi liganing ikkinchi bosqich, 2-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Unda “Qo'qon-1912” jamoasi mehmoni bo'lgan “Orol” o'z darvozasidan javobsiz 4ta gol o'tkazib yubordi.

Undan oldin esa Nukus jamoasi “Andijon” bilan bellashib, 7:1 (!!!) hisobida imkoniyatni boy bergandi. Umumiy aytganda, “Orol” vodiydagi ikkita safar o'yini davomida o'z darvozasidan 11ta to'p o'tkazib yubordi va uyiga quruq qo'l bilan qaytdi.

Buning asosiy sabablarini bilish maqsadida jamoa bosh murabbiyi Nematullo Quttiboev bilan suhbatlashdik.

- Nematullo aka, ikkita o'yinda 11ta gol o'tkazib yuborish ko'p emasmi? Boz ustiga jamoangiz vodiydan ochkosiz qaytdi. Bunga nima sabab deb hisoblaysiz?
- Siz bilan oldin gaplashganimizda, jamoamiz yig'inga ancha kech kirishgani haqida aytgandim. Aynan ikkinchi bosqichga tayyorgarlikning vaqtida boshlamaganiz uchun yigitlarda jismoniy tomondan pasayish yuzaga keldi. Bu esa o'z navbatida “Andijon” va “Qo'qon-1912”ga qarshi kechgan o'yinlarda bilindi.

- O'tkazilgan o'yinlardan keyin qanday fikrdasiz?
- “Andijon” va “Qo'qon-1912” bilan o'yinning birinchi bo'limida shogirdlarim yomon o'yin ko'rsatishmadi. Ammo ikkinchi bo'limda ularga jismoniy tayyorgarlikning darajasi past ekanligi pand berib qo'ydi. Bundan tashqari asosiy himoyachimiz Temur Turdievning boshqa jamoaga o'tib ketgani ham biz uchun mudofaa chizig'ida o'ziga yarasha muammolarni keltirib chiqardi.
- O'tkazib yuborilgan gollarda ko'proq kimni aybi bo'ldi deb uylaysiz?
- Ikkita uchrashuvda 11ta gol bu- juda ko'p. Lekin nima ham qila olardik, futbolda bazan shunaqasi ham bo'lib turadi. O'tkazib yuborilgan gollarda ko'proq darvozabon va himoyachilaring xatosi borligini aytishim mumkin. Ayniqsa “Andijon” bilan o'yinda raqib futbolchilari uzoq masofalardan kuchli zarbalar bilan darvozamizni ishg'ol etishdi.

- “Andijon” va “Qo'qon-1912” jamoalarini bir-biriga taqqoslab ko'rdingizmi?
- Menimcha bu ikkala klub ham teng saviyada o'yin ko'rsatishdi. Balki “Andijon” qo'qonliklarga nisbatan biroz kuchliroq bo'lishi ham mumkindir. Lekin “Mashal”dan aslo kuchli emas deb bilaman. Hozir muborakliklar birinchi liganing eng kuchli jamoasidir.

- Jamoangizning asosiy hujumchisi Mansur Abdullaev vodiy jamoalariga qarshi kechgan o'yinlarda maydonga tushmadi. Bunga nima sabab?
- Mansurda jarohat boriligi sababli jamoaga yordam bera olmayapti. Undan tashqari yana bir to'purar hujmchimiz Nurlibek Talasboevda esa diskvalifikaciya sababli muammolar bor. Adashmasam uni PFL beshta o'yinga daskvalifikaciya qilgan.

- Ikkita o'yinda 11ta gol o'tkazib yuborganinglardan keyin rahbariyatdan ham etiroz bo'lgandir?
- Albatta, bo'ladi. O'z darvozamizdan 11ta to'p o'tkazib yuborganimizdan tashqari, vodiydan ochkosiz qaytdik. Shuning uchun etiroz bo'lishi tabiiy. Endi keyingi o'yinlarda ochko jamg'arishga harakat qilamiz.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi


Manba: www.championat.asia