Olmaliqda sport shaharchasi foydalanishga topshiriladi

Narzulla Saydullayev
7 yanv 2014, 14:59
Olmaliq shahrida zamon talablariga to'liq javob beradigan sport majmuasi qurilishi yakunlandi.
Majmuaning ko'rki sifatida 12 ming tomoshabinga mo'ljallangan stadion qad rostlagan. Yangi mavsumda bu o'yingohda "Olmaliq" jamoasi o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadi. Rejaga, ko'ra, ushbu majmua "Navro'z" umumxalq bayrami arafasida tantanali ravishda ochiladi va foydalanishga topshiriladi. Bu haqda "Olmaliq tog'-kon metallurgiya" kombinati OAJ bosh direktori Aleksandr Farmonov o'z intervyusida aytib o'tdi.

Aleksandr Kasimovichning so'zlariga ko'ra, hozirgi stadion ham klubga xizmat qilishda davom etadi. Majmuaning o'ziga to'xtaladigan bo'lsak, uning hududidagi egizak binolarni eslatuvchi 70X38 hajmdagi ikkita sport zali sport shaharchasi ko'rkiga yanada ko'rk qo'shib turibdi. Sport zallarining biri futzal, basketbol, volleybol, qo'l to'pi kabi jamoaviy sport turlari uchun mo'ljallangan. Ikkinchisida esa, asosan yakkakurash (boks, kurash, dzyudo, sambo, erkin va yunon-rum kurashi, karate, taekvondo kabi) sport turlari bo'yicha kundalik mashg'ulotlar, shuningdek, turli nufuzdagi musobaqalar o'tkaziladi. Har ikki sport zalida kiyinish-echinish, hakamlar va tibbiyot hodimlari uchun xonalar  mavjud. Sport zalining ikkinchi qavatida 500 tomoshabinga mo'ljallangan tribuna ham bunyod etilgan.

Bundan tashqari, majmuada yopiq tennis korti ham bor. Shuningdek, ochiq tennis korti ham bo'lib, uning ikki tomonida muxlislar uchun maxsus tribunalar qurilgan. Tahminan 2000  tomoshabin bu yerda o'tkaziladigan nafaqat tennis, balki boks musobaqalarini ham kuzatish imkoniyatiga ega bo'ladi. Standart hajmdagi sun'iy qoplamali futbol maydoni ayniqsa, qishki mavsumda "Olmaliq" jamoasining mashg'ulotlariga as qotadi.

Eng muhimi, majmua ichida ham, stadionga kiraverishda ham mashinalar to'xtash joylari bunyod etilgan. Bir so'z bilan aytganda, bu majmua Olmaliq ahli uchun bahor bayramiga haqiqiy sovg'a bo'ladi.  

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia