"Olmaliq": Bugun va ertaga ikkita o'yin o'tkazamiz

Narzulla Saydullayev
11 fev 2014, 12:05
Kechadan "Olmaliq" poytaxtda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini davom ettira boshladi. Ikki kunlik hordiqdan so'ng, jamoa a'zolari O'zbekiston mehmonxonasida to'planishdi.
Jamoaning kechki mashg'ulotlariga o'tgan mavsum "Chust-Paxtakor" sharafini himoya etgan darvozabon Akmal Ortiqov qo'shildi. Chilonzor sun'iy qoplamali maydonida o'tayotgan mashg'ulotlar 14 fevralga qadar davom etadi.

Bugun jamoamiz ikkita uchrashuv o'tkazadigan bo'lishdi. Dastlab soat 10:00da "Obod" futbol klubiga tegishli sun'iy qoplamali maydonda "Buxoro" bilan nazorat bahsi o'tkazilsa, soat 13:30da shu maydonda mezbon jamoaga qarshi PFL kubogi turnirining guruhdagi ilk o'yini o'tadi. Aslida bu uchrashuv O'FF qoshidagi maydonda o'tishi lozim edi. Maydon qordan tozalanmaganligi sabab o'yin "Obod" stadioniga ko'chirildi.

12 fevral kuni G'uzorning "Sho'rtan" jamoasi bilan nazorat o'yini tashkil etiladi. Uchrashuv soat 12:00da Chilonzordagi sun'iy qoplamali maydonda bo'lib o'tadi. 13 fevralda PFL kubogi turniri doirasida 2-tur o'yini "Bunyodkor" jamoasiga qarshi o'tadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fc-olmaliq.uz