"Olimpik" ishtirokidagi o'yin qoldirildi, "Paxtakor"ning o'yini boshqa sanaga o'zgardi

Sherzod Nurmatov
2 may 2024
Ayni vaqtda O'zbekiston U-23 terma jamoasi Qatarda bo'lib turibdi.

Ertaga - 3 may kuni jamoa U-23 Osiyo Kubogining final uchrashuvida Yaponiyaga qarshi saf tortadi. 

Mazkur bellashuv oldidan Timur Kapadze Superliga 6-turidan o'rin olgan "Dinamo"ga qarshi bellashuvni qoldirishni so'radi. Terma jamoa a'zolari 4 may kuni tongda Toshkentga yetib keladi. Liga termamizning ehtimoliy finalda to'p tepishini inobatga olib, "Olimpik" ishtirokidagi bellashuvni turning eng so'nggi kuni - 7 mayga belgilagan edi. Shunday bo'lsa-da, mavjud holat inobatga olinib, Liga Kapadzening taklifini  bu safar ham qanoatlantirishga qaror qildi. 

Shuningdek, 7 may kungi 1 ta o'yin qoldirilganidan kelib chiqib, o'sha uchrashuv uchun rejalashtirilgan texnika bilan "Paxtakor" – "Metallurg" uchrashuvi o'tkazilishi yuzasidan kelishildi. Yani, "Paxtakor" ishtirokidagi o'yin 6 may sanasidan 7 mayga ko'chirildi. 

Ma'lumot uchun, O'zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo Kubogiga jo'nab kyetishi oldidan Superliga 5-turidan o'rin olgan uch uchrashuv: "Nasaf" – "Navbahor", "Neftchi" – "Paxtakor", "Metallurg" – "Olimpik" bellashuvlari ham qoldirilgandi. Endilikda qoldirilgan bellashuvlar soni 4 tani tashkil etmoqda. Ularning qachon o'tkazilishi keyinroq ma'lum qilinadi.




Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz