Oleksandr Kablash: “Hujumchining vazifasi doim gol urish”

Narzulla Saydullayev
6 apr 2015, 18:52
Mavsumlar oralig'ida jamoamiz tarkibiga kelib qo'shilgan ukrainalik futbolchi Oleksandr KABLASH Oliy ligada 3 ta uchrashuvda maydonga chiqib, ikki bor raqib darvozasini ishg'ol etdi.
OCHL 4-turi doirasida “Al Ahli”ga qarshi o'yin oldida u klub matbuot xizmati vakillari savollariga javob qaytardi.

- Oleksandr "Nasaf" safida Oliy ligada muntazam maydonga tushayapsiz. Jamoaga ko'nikib ketdingizmi?

-Albatta. Jamoa uslubi, taktikasi va qolgan barcha ijobiy jihatlarni  asta sekin o'zlashtirib borishga, jamoaga kirishib ketishga harakat qilayapman.

- Oliy ligada uchta o'yinda 2 ta gol urdingiz. Bu sizningcha hujumchi uchun yaxshi ko'rsatkichmi yoki yomon?

-“Nasaf”ning har o'yinda g'alabaga erishishi  - men uchun asosiy vazifa. O'yinda kim gol urishi ham unchalik muhim emas. Hujumchining doimiy vazifasi esa gol urish. Shu bois imkon boricha har o'yinda gol urish uchun bor kuchim bilan harakat qilayapman.

-OCHL haqida nima deya olasiz?

-Bu har bir futbolchiga yuqori “motivaciya” bera oladigan o'ta muhim turnir. Qitaning klublar o'rtasidagi eng asosiy musobaqasi. O'z navbatida men ham bu turnirda o'zimni yaxshi jihatlarimni namoyish etishni xohlayman. Albatta, hozircha jamoamiz OCHLda yomon natija ko'rsatmayapti. Keyingi o'yinlarda avvalgilaridanda yaxshiroq  va yorqinroq o'yin ko'rsatish uchun intilamiz.

 -Garchi Oliy ligada ikkita gol urgan bo'lsangizda, sizda bundan ham ko'proq imkoniyatlar bo'lmoqda. Ammo undan foydalanishga nima halaqit qilayapti?
-Hech narsa halaqit qilayotgani yo'q. Bu futbol. Qaysidir o'yinda omadim kelayapti. Ayrimlarida esa buning aksi bo'layapti.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcnasaf.uz