O'FA sport jurnalistlarini bayram bilan tabrikladi

Sherzod Nurmatov
2 iyul 2021, 21:12
Bugun, 2 iyul - Xalqaro sport jurnalistlari kuni.

Ushbu sana dunyo bo'ylab sport sohasida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar o'rtasida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun ommaviy axborot vositalari vakillari O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga taklif etildi.

O'FA rahbariyati jurnalistlarni bayram bilan tabriklab, tezkorlik va xolislik bilan faoliyat olib borishlarida omad va zafarlar tiladi. O'z navbatida O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov so'zga chiqib, jurnalistlar futbolni keng yoritib borish, tahlil qilish, kerak joyda esa tanqid qilish, kamchiliklarga ko'zgu tutish orqali shubhasiz, futbol rivojiga ulkan hissa qo'shib kelayotganligini alohida ta'kidladi. 

"Tezkorlik, holislik, tahlil, to'g'riso'zlik, jonkuyarlik borasida aynan sport jurnalistlari sohada yetakchilar hisoblanishadi. Kasbingiz qanchalik mashaqqatli va sinovlarga boy ekanligini yaxshi bilamiz, buni qadrlaymiz. Eng avvalo, sizga mustahkam sog'liq tilaymiz, ijodiy faoliyatingizda ilhom, kuch-quvvat va shijoat tark etmasin, futbolimiz rivoji yo'lida doimo elkama-elka faoliyat olib borish nasib etsin", – dedi Ravshan Ermatov.

Yig'ilish yakunida O'FA tashkil etgan tadbirlarni va terma jamoalar faoliyatini muntazam yoritib borishda yaqindan hamkorlik qilganligi hamda Respublikamizda futbol ommaviyligini oshirish va sog'lom turmush tarzini aholi orasida keng targ'ib etganligi uchun jurnalistlarga minnatdorchilik sifatida maxsus sovg'alar taqdim etildi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ufa.uz