O'FA maydonida “Grassroots” (Ommaviy futbol) festivali o'tkazildi

Narzulla Saydullayev
15 may 2024
Bugun 15 may - OFKning “Ommaviy futbol kuni” munosabati bilan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi maydonida “Grassroots” (Ommaviy futbol) festivali o'tkazildi.

Unda 100 dan ziyod o'g'il-qizlar ishtirok etishdi. Festivalni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad futbolni ommalashtirish, yosh avlodni ushbu sport turiga keng jalb etish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishdan iborat.

Ma'lumki, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo Futbol Konfederatsiyasining nufuzli AFC Grassroots Charter Gold (OFKning Ommaviy futbol Xartiyasi) darajasidagi a'zolari tarkibiga kiritilgan.

Dastlab 2020 yilda “Kumush” darajadagi a'zolikka maqullagan O'FA 2023 yil dekabrida yaxshi yutuqlarni ko'rsatib, “Oltin” darajasiga ko'tarilgan edi.

Bundan tashqari, Respublikadagi 1000 dan ortiq umumtalim maktablarda FIFA Football in School (FFIS) dasturi bo'yicha futbol to'garaklari o'tkazib kelinmoqda va 2030 yilga qadar O'FA tomonidan mamlakatimizdagi 10 000 ga yaqin maktablarning barchasida ushbu loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda.

Qayd etish mumkin, OFKning “Grassroots” futbol festivali Respublikamizning barcha hududlarida tashkil etildi va ularda 1400 nafardan ko'proq bo'lajak futbolchilar ishtirok etishdi.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz