Oblayor Rasulov: “Sho'rtan” bosh murabbiyni o'zgartirmoqchi emas”

18 sen 2013, 10:59
Hozirgacha 12 ochko jamg'arib turnir jadvalining 13-pog'onasini band etib turgan G'uzorning “Sho'rtan” jamoasi bu yil juda sust ishtirok etmoqda.
 Buning natijasida klub joriy mavsum autsayderlar qatoriga tushib qoldi. Ketma-ket omadsizliklardan so'ng, jamoa rahbarlari boshqaruv postiga yangi murabbbiy olib kelishi borasida gaplar urchiy boshladi.

Championat.asia bunga aniqlik kiritish maqsadida klub rahbari Oblayor Rasulovga murojaat qildi.


- Oxirgi paytlarda, “Sho'rtan”ning oliy ligada “jon saqlab” qolishi so'roq ostida turibdi. Boisi jamoaning ayni paytda egallab turgan o'rniga xavas qilib bo'lmaydi.

- To'g'ri, bu yilgi ishtirokimiz muxlislar kutganidek bo'lmayapti. Lekin kuchlilar safida qolish uchun, qo'ldan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz. Va bu harakatlarimizni mavsum so'nggiga qadar to'xtatib qo'ymaymiz. “Bunyodkor” bilan o'z maydonimizda kechgan bahsda durang qayd etdik. Qaysidir manoda peshqadamdan ochko olish ham qoniqarli natijadir. Bu o'yinda g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Yigitlar imkon qadar harakat qildi.  

- Muxlislar orasida “Sho'rtan”ga yangi murabbiy kelishi xususida gaplar yuribdi. Nomzodlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, ularning yurtimizda o'z o'rniga ega ekanligini bilish mumkin. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

- Yo'q, bu shunchaki mish-mish. Biz bu borada Zoir To'raqulovga mavsum so'nggiga qadar imkoniyat beramiz. O'ylaymanki murabbiy, vazifani bajarish uchun, o'z ishiga sidqidildan yondoshadi va ishonchni oqlaydi.

- “Sho'rtan”ning elitada qolishi uchun yana qandaydir choralar ko'rilayotgan bo'lsa kerak?

- Albatta, jamoa yurtimizda o'z o'rniga ega. Uni kuchlilar safida olib qolish uchun barchasini qilyapmiz. Oldinda yana 8ta o'yin turibdi. Demoqchimanki, oliy ligada qolish uchun imkoniyat bor. Shunday ekan mavsum poyoniga qadar kurashamiz.

Jahongir Mirzo suhbatlashdi.


Manba: championat.asia