Nevill: "Superliga – futbolni o'ldirishga bo'lgan urinish"

Sherzod Nurmatov
28 sen 2022, 17:24
Angliyalik bu loyihaga qarshi.

"Manchester Yunayted" sobiq futbolchisi Gari Nevill Yevropa Superligasi tashkil etilishiga qarshi chiqdi.

"APL "katta oltiligi" qilishga harakat qilgan ish, Yevropa Superligasi bilan bo'lgan voqea futbol tarixidagi hal qiluvchi lahzadir. Men buni jinoyat deb atadim. Bu nafaqat Angliya futbolini, balki futbolni o'ldirishga bo'lgan urinish edi. Ko'pgina Yevropa ligalari uchun bu voqea halokatli ta’sir ko'rsatardi. Buni shunchaki unutib bo'lmaydi. Bunga haqqimiz yo'q.

Superligani tashkil qilishga uringanlarning ko'pchiligi hali ham klublarni boshqarishmoqda. Bu odamlar o'z niyatlaridan voz kechishmagan: "Barselona", "Real Madrid", "Yuventus" Superliga u yoki bu shaklda joriy etilishini aytishda davom etishmoqda. Va bilamizki, bu masala yana ko'tariladi. Bu odamlar o'z g'oyalarini amalga oshirishga yaqinlashib boraverishadi.

Men shunday deb o'ylayotgan yagona odam emasman. Ehtimol, hammadan ko'proq xavotirdadirman, lekin bu futbol tarixidagi eng muhim lahza ekanligiga ishonaman. Bizning futbol piramidamiz himoyaga muhtoj va uning ichidagi bazi odamlar keragidan ko'pini xohlashmoqda. Bu halol raqobatsiz liga yaratish demakdir. Futbolga ko'p narsa kerak, ammo uning ehtiyojlarini kimningdir g'arazli manfaatlari va ochko'zligi hisobiga qondirib bo'lmaydi", – dedi sobiq o'yinchi.

Avvalroq Nevill Holand "Oltin to'p"ni qo'lga kiritishi mumkinligi haqida aytib o'tgan edi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Sky Sports