"Neftchi" yoshlari "Norin"ga yutqazdi

Farg'onaning “Neftchi” jamoasi o'rinbosarlari ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonini davom ettirishmoqda.


19 iyul kuni Bahrom Haydarov shogirdlari Qirgulida Birinchi liga vakili Namanganning “Norin” jamoasini qabul qilishdi.

Keskin va murosasiz kurashlarga boy o'tgan o'yinda mehmonlar hisobni birinchi bo'lib ochishdi. “Norin”ning birinchi bo'limdagi to'piga Rustam A'zamov egalik qildi. Birinchi bo'lim shu hisobda tugadi. Ikkinchi taymda maydon egalarida ham hisobni tenglashtirish uchun bir qator qulay imkoniyatlar yuzaga keldi va mana shunday vaziyatlardan birida Ibrohim No'monov vaziyatni tenglashtirdi. Maydon markazida to'pni raqibidan olib qo'ygan Ibrohim katta tezlikda oldinga o'tdi hamda barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda darvoza tomon zarba yo'lladi. 1:1.

Afsuski, taym oxiriga kelib yana o'sha Rustam A'zamov o'z goli bilan “Neftchi” yoshlarini jazoladi va dubl qayd etdi. Shu tariqa norinliklar Qirgulidagi bahsda zafar quchishdi. 1:2


Yoshlarimiz “Norin” jamoasiga qarshi quyidagi tarkibda harakat qilishdi:

Asosiy tarkib: Shuhrat Rahmonov, Abduqodir Ortiqov, Mirjamol Ne'matov, A'zam Xolmatov, Ibrohim No'monov, Husan G'aniev, Abror Ismoilov, Mo'minjon Marufjonov, Xurshid Asqaraliev, Ro'stam To'xtasinov, Anvar Abdulhaqov

Zahiradan maydonga tushganlar: Otabek Muhammadjonov, Sanjar Zokirov, Javohir Muxtorov, Sarvar Abdullaev, Asadbek Mamurov

Eslatib o'tamiz, bundan avvalgi nazorat bahsida Bahrom Haydarov jamoasi Quvasoyning “Cementchi” klubini kichik hisobda mag'lubiyatga uchratgandi.  Endi “Neftchi” o'rinbosarlarini Arsivning “Behisor” jamoasiga qarshi o'yin kutib turibdi.

“Neftchi” matbuot xizmati


Manba: fcneftchi.uz