Rasman: "Neftchi" finlyandiyalik hujumchi transferini e'lon qildi

Оқил Абдубарноев
13 sen 2026, 20:08
Farg'onaning "Neftchi" klubi o'z tarkibiga yangi legioner – finlyandiyalik markaziy hujumchi Markus Forssni qo'shib olganini rasman e'lon qildi.

Faoliyati davomida Angliyaning qator nufuzli klublarida va Finlyandiya milliy terma jamoasida faol to'p tepgan 27 yoshli futbolchining boy tajribasi Farg'ona klubining oldinda turgan maqsadlariga erishishida muhim o'rin tutishi kutilmoqda.

1999 yilning 18 iyunida tug'ilgan 182 santimetr bo'yga ega bo'lgan markaziy hujumchi o'z faoliyatini Angliyaning "Vest Bromvich Albion" klubi akademiyasida boshlagan. Professional karerasi davomida u "Brentford" safida muvaffaqiyatli to'p tepib, 2020/21 yilgi mavsumda jamoasi bilan birgalikda Angliya Premer-ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritishda munosib hissa qo'shgan. Keyinchalik "Midlsbro" jamoasiga o'tib, to'rt mavsum davomida 90 dan ortiq rasmiy o'yinda maydonga tushgan va o'z hisobiga 18 ta gol yozdirib qo'ygan.

Shuningdek, Forss faoliyati davomida "Uimbldon", "Xall Siti" va "Bolton Uonderers" kabi klublarda ham to'p tepgan bo'lib, "Uimbldon"dagi yorqin o'yinlari sabab u Angliyada oyning eng yaxshi yosh o'yinchisi hamda klubda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan. 2020 yildan buyon Finlyandiya milliy terma jamoasi a'zosi hisoblanadigan hujumchi terma jamoa safidagi debyut uchrashuvidayoq amaldagi jahon chempionlari – Fransiya terma jamoasi darvozasini ishg'ol qilib, jamoasining sensacion g'alabasiga sababchi bo'lgan va Yevropa chempionati bahslarida ham maydonga tushgan.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати