"Neftchi": Devid Oniya bilan xayrlashdik

22 iyul 2014, 00:18
Milliy chempionatimizda bir necha yillik faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Devid Oniya yil boshida "Neftchi" tarkibiga kelib qo'shilgandi.

 Joriy mavsum jamoamiz sharafini himoya qilishi lozim bo'lgan futbolchi kutilmaganda, chempionat boshida "Futbol-MED"da tibbiy ko'rikdan muvaffaqiyatli o'ta olmadi.

Shundan so'ng shifokorlarning tavsiyasiga ko'ra muolaja olgan nigeriyalik himoyachi ikkinchi davrada "Neftchi"ga yordam berishni maqsad qilgandi.

Biroq Devid Oniya yaqinda  "Futbol-MED"da yana tibbiy ko'rikdan o'ta olmadi va uning rasmiy o'yinlarda maydonga tushishiga ruhsat berilmadi.

Mavsumning ikkinchi qismida himoya chizig'ini aynan Oniya bilan kuchaytirishni rejalashtirgan murabbiylar shtabi endi bu chiziqqa boshqa futbolchini olishga majbur.

Yil boshida futbolchi va klub o'rtasida tuzilgan shartnoma endilikda o'zaro kelishuvga binoan bekor qilinadigan bo'ldi.

"Neftchi" futbol klubi esa Devid Oniyaning kelgusi faoliyatida omadlar tilaydi!



Manba: fcneftchi.uz