Navoiyda yangi yil ko'tarinki kayfiyatda qarshilanmoqda

Narzulla Saydullayev
25 dek 2013, 12:11
O'zbekiston XXII milliy chempionati oliy ligasida o'z mavqeini saqlab qolgan Qizilqum jamoasi sharafiga Navoiy shahrida Yangi yil bayrami tantanalari uyushtirildi.
Viloyat hokimligi hamda futbol klubi bosh muassisi - NKMK tomonidan tashkil etilgan tadbir Navoiycement akciyadorlik jamiyati sog'lomlashtirish majmuasida bo'lib o'tdi.

Tadbirni viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti, Senator Erkin Turdimov ochib berdi va tantana qatnashchilarini kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi.

- O'tgan mavsum Qizilqum jamoasi a'zolari uchun qanchalik mashaqqatli kechganligini muxlislar yaxshi bilishadi, - dedi E. Turdimov. - Shunga qaramay, chempionatning ikkinchi davra uchrashuvlarini munosib o'tkazgan viloyatimiz bosh jamoasi kuchlilar qatorida o'z mavqeini saqlab qolishning uddasidan chiqishdi. 12-o'rin bilan Qizilqumga baho berib bo'lmaydi, albatta. Viloyatimizda futbolchilarimizning milliy chempionatda sovrindorlar safidan joy olishlari uchun imkoniyatlar etarli. Ishonamanki, Qizilqum futbolchilari viloyatimizning minglab muxlislari ishonchini oqlab, yangi mavsumda faqat g'alaba uchun maydonga chiqadilar.

Shundan so'ng, futbol klubi bosh muassisi - NKMK bosh direktori, Senator Quvondiq Sanoqulov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutladi.
 
-Qizilqum - mamlakatimizda o'z mavqeiga ega jamoa, - dedi Q.Sanoqulov. - Jamoamiz milliy chempionatlarimiz tarixida sovrindorlar qatoridan joy olgan yurtimizning kamsonli jamoalardan biri sanaladi. 2002 yilda futbolchilarimizning bronza medali bilan taqdirlanganini muxlislarimiz hali esdan chiqazganlari yo'q. Yangi mavsumda ham Qizilqumning yana shunday ijobiy natijalarni takrorlashlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz.

Tabrikdan so'ng, viloyat hokimligi hamda futbol klubi tomonidan tasis etilgan maxsus qimmatbaho sovg'alar Qizilqum jamoasi murabbiylar shtabi va futbolchilariga tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so'z olgan Qizilqum futbol klubi ijrochi direktori Hamid Aktamov jamoa a'zolarining o'z muxlislarini xursand qilishlari uchun bor kuch-imkoniyatlarini ishga solishga tayyor ekanliklarini alohida ta'kidladi. Bunday e'tibor va g'amxo'rlikka javoban futbolchilar faqat va faqat g'alaba uchun maydonga tushishlarini bildirib o'tdi.

Tantanaga tashrif buyurgan viloyatning taniqli xonanda va sozandalari oqshom fayziga yanada fayz kiritdilar. Kuylar kuylarga, qo'shiqlar qo'shiqlarga ulandi. Bir so'z manoda navoiyliklar bayramni chempionlardek nishonladilar. Bu esa jamoani yangi mavsumda faqat ijobiy natijalarga ilhomlantirishiga poydevor yaratishiga umid bildirib qolamiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz