"Navbahor": Yoshlarimiz durang o'ynashdi

Aziz Tukhtamuradov
11 yanv 2015
Mavsumga tayyorgarlikni Aleksandr Lyan va Sherzod Jo'raevlar boshchiligida olib borayotgan yoshlar ham nazorat o'yinini o'tkazishdi.
Yoshlarimiz “Navbahor-Umid” futbol maktabining suniy qoplamali maydonida birinchi liga vakili “UzDongJu” jamoasi bilan kuch sinashishdi. Garchi o'yin o'rtoqlik maqomiga ega bo'lsada, har ikki jamoa futbolchilari ham o'zlarini ko'rsatishga urinishdi. Natija ham shunga yarasha bo'ldi. Yani tomonlar 1:1 hisobi bilan cheklanishdi. Avvaliga andijonliklar hisobni ochishgan bo'lsa ikkinchi bo'limda yoshlarimiz hisobni tenglashtirishga erishishdi. Javob to'piga ko'rikdan o'tish uchun jalb etilgan Farhod Shokirov mualliflik qildi. Aslini olganda Shokirov ham “Navbahor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Oldingi mavsumlarda asosiy tarkibga kira olmagan hujumchi keyinchalik viloyatimizning birinchi ligada qatnashayotgan jamoalari sharafini himoya qilishga ulgurgandi. Xususan, Shokirov “Dinamo” o'yingohida o'tkazilgan “Navbahor” va “Kosonsoy” jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvida kosonsoyliklar safida harakat qilgandi. Uning harakatlaridan qoniqish hosil qilgan murabbiylar Farhodni yoshlar safida ko'rikdan o'tkazishga qaror qilishgandi. Darvoqe, Shokirov ayni paytda yoshlarimiz bilan ishlayotgan Lyanning shogirdi sanaladi.

Yoshlarimizning birinchi bo'limdagi tarkibi quyidagicha ko'rinishga ega bo'ldi: A.Ergashev, R.O'rinov, H.Yunusov, O.Halilov, SH.Sayfiddinov, A.Turg'unboev, S.Telyakov, A.Nematullaev, X.G'aniev, A.Hojimirzaev, I.Abdullaev. Ikkinchi bo'limda ko'rik uchun taklif etilgan bir qator futbolchilar maydonga tushirildi.

Shu kuni murabbiylarimiz mashg'ulotlarda qatnashayotgan 40 nafarga yaqin futbolchilarning aksariyatini sinovdan o'tkazishdi. Ko'rikdan o'tish uchun jalb etilgan o'yinchilarni qanday imkoniyatga ega ekanliklari borasida tegishlicha ma'lumotlarga ega bo'lindi. “UzDongJu”ga qarshi uchrashuvni Zohid Nurmatov, Mustafo Bayramov va Sergey Zaxareckiylar ham kuzatib borishdi. Shu sababli, asosiy tarkib mashg'ulotlarida qatnashayotgan va “Kosonsoy” bilan o'tgan uchrashuvda qatnashgan futbolchilarning ayrimlari bu safar ham maydonga tushishdi.


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz