“Navbahor” stadionida qurilish ishlari qizg'in

Narzulla Saydullayev
12 iyul 2013
Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e'tibor sportning ushbu turi bo'yicha xalqaro etirofga molik muvaffaqiyatlar garovi bo'lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2011 yil 19 yanvarda qabul qilingan “2011-2013 yillarda respublikada futbolning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda.

Mazkur qaror ijrosini taminlash borasida Namangan viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, Namangan shahridagi “Navbahor” stadionida bunyodkorlik va rekonstrukciya ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

Stadion majmuasida avvalgisidan farqli ravishda sportchilar, hakamlar, va murabbiylar uchun alohida xonalar, anjumanlar zali barpo etilmoqda. Yigirma ikki ming tomoshabinga mo'ljallangan o'rindiqlar zamonaviy muhandislik talablariga ko'ra pastki va yuqori qavatlarga bo'lingan, tribunada nogironlar uchun ham alohida sektor mavjud. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Bitta videotablo, zamonaviy audiosistema moslamalari va boshqa axborot-kommunikaciya texnologiyalari bilan jihozlangan sharhlovchilar xonasi o'yin paytida muxlislarni zarur ma'lumotlar bilan tezkor ravishda xabardor etish, musobaqalarni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish hamda tele- va radiotranslyatsiya sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yirik qurilish maydoniga aylangan mazkur obektni Vatanimiz mustaqilligining 22 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish ko'zda tutilmoqda.

Ayni paytda viloyatda davlatimiz rahbarining qarori asosida maxsus dastur qabul qilinib, mavjud stadionlar, futbol klublari qoshidagi maktablarning sport inshootlarini ta'mirlash, yangilarini qurish, zamon talablari darajasida jihozlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur dasturga muvofiq, “Navbahor” PFK qoshidagi bolalar va o'smirlar futbol maktabi sport inshootlari, Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy”, Chust tumanidagi “Paxtakor” stadionlari va shu klublar qoshidagi 22-, 8-bolalar va o'smirlar sport maktablari inshootlarini rekonstrukciya qilish rejalashtirilmoqda.

Namangan, Mingbuloq, Norin, Uchqo'rg'on, Uychi, Chortoq, Yangiqo'rg'on, Pop tumanlaridagi stadionlarda ham shu kabi ishlar amalga oshirilib, infratuzilmasi yaxshilanadi va jihozlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: uza.uz