"Navbahor" rahbariyati "Paxtakor" bilan o'yinga kelgan 27 muxlisni jazoladi

Narzulla Saydullayev
15 sen 2018, 20:48
Bugun “Navbahor” “Markaziy” o'yingohining anjumanlar zalida navbatdan tashqari yig'ilish o'tkazildi.

Unda Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi vice-prezidenti Shamshod Ergashovich Sarikov, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi 1-vice-prezidenti Bahrom Muhitdinovich Xolmirzaev, “Navbahor” PFK direktori v.b. Ilhomjon Qodirovich Mirzaboev, “Navbahor” PFK va “Markaziy” o'yingoh xodimlari, “Navbahor” Muxlislar bilan ishlash bo'limi yetakchisi Farhod Umaraliev, shuningdek, “Navbahor” jamoasining ashaddiy ishqibozlari ishtirok etishdi.

Mazkur yig'ilishda Shamshod Ergashovich so'zga chiqib, Superliga 23-turi doirasidagi “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuvida ajoyib muxlislik qilishgani, fantastik muhit yaratib berishgani uchun ishqibozlarga o'z minnatdorchiligini bildirib, uchrashuvning so'nggi daqiqasida Igor Golban tomonidan urilgan golda muxlislarning ham munosib hissalari borligini alohida ta'kidladi.



Shuningdek, Shamshod Ergashovich o'z so'zida guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, muxlislar orasida ham madaniyatsiz, muxlislik etikasiga rioya qilmaydigan ishqibozlar ham borligiga to'xtalib, kechagi o'yinning videoyozuvini stadionda o'rnatilgan kameralar orqali ko'rib chiqib, tartibsizlikka yo'l qo'ygan 27 nafar muxlis shaxsini aniqlab, ularga nisbatan keskin choralar ko'rilganligi, endi ushbu ishqibozlar “Navbahor”ning joriy mavsum yakunigacha bo'lgan barcha bahslarida stadionga kiritilmaydigan bo'lishganini ta'kidladi.
Shuningdek, mazkur yig'ilishda “Navbahor”  Muxlislar bilan ishlash bo'limi yetakchisi  Farhod Umaraliev ham ogohlantirildi. Muxlislar yana shunday tartibsizlikka yo'l qo'yadigan bo'lishsa, unga nisbatan ham qatiy choralar ko'rilishi belgilandi.

Ushbu yig'ilishdan kelib chiqib, “Navbahor” jamoasining Pepsi Superliganing birinchi bosqich uy uchrashuvlariga eng ko'p muxlis tashrif buyurganligi uchun ularga PFLning maxsus sovg'asi topshirilgani va muxlislar shunga yarasha ishonchni oqlashlari, muxlislik madaniyatini oshirishlari, mehmon jamoa vakillari  hamda  hakamlarga nisbatan  haqoratli so'zlar ishlatmasliklari, ularni hurmat qilishlari lozimligi takidlandi va ushbu masala bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi.


“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz