

Mehmonlar klubimizda olib borilayotgan ishlar hamda yaqin kunlar ichida qaytadan foydalanishga topshirilishi ko'zda tutilgan “Navbahor” o'yingohidagi ishlarni o'z ko'zlari bilan ko'rishni maqsad qilishgandi.
Erta tongda klubimiz vakillari OFKdan kelgan mehmonlarni Andijon aeroportida kutib olishdi. Shundan so'ng Namangan sari yo'l olindi. Benjamin Tan boshchiligidagi OFK mutaxassislari dastlab “Navbahor” o'yingohida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Mehmonlar o'yingohdagi ishlarni kuzatib, ijobiy taassurotga ega bo'lganliklarini ma'lum qilishdi. Ular o'yingoh foydalanishga topshirilgach, mamlakatdagi jahon andozalariga javob beradigan stadionlar soni yana bittaga oshishini bildirishdi.
O'yingohda olib borilgan ishlar ko'zdan kechirilgach, mehmonlar klub ofisida “Navbahor” klubida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan uchrashuv o'tkazishdi. Benjamin Tan bosh hisobchi, huquqshunos va klubning licenziyalashtirish ishlari bo'yicha mutaxassisi bilan alohida suhbat uyushtirib, klubning bugungi kundagi holatidan xabar topdi. Shu bilan birgalikda kerakli maslahatlarni berib, klub vakillarining kelgusi ishlarida omad tiladi. Shundan so'ng OFK mutaxassislari “Neftchi” klubidagi ishlarni o'rganish maqsadida Farg'onaga yo'l olishdi.



