

Uchrashuvdan keyin "ajdarlar" sport direktori Botir Qoraev bilan kichik suhbat uyushtirdik.

- "Mashal"da yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan edingiz. "Nasaf"ga qaytish jarayoni qanday bo'ldi?
- To'g'ri, Muborakda edim. Yil avvalida "Nasaf" rahbariyatidan jiddiy taklif bo'lgach, Qarshiga ko'chib o'tdim. Hozir sport direktori sifatida ishlayapman.
- 2021 yilning boshida klub atrofida juda ham xunuk mish-mishlar yurgandi. Hattoki, "Nasaf" yo'q bo'lib ketishi haqida gapirganlar ham bo'ldi. Bu sizni cho'chitmadimi?
- Yo'q, nega qo'rqaman? Uzoq yillar davomida "Nasaf" sharafini himoya qilganman. Futbolchilik davrimda ham pul yo'q paytlar bo'lgan, o'ynaganmiz.

- Mavsum o'rtasiga kelib, barcha muammolar bartaraf qilindimi?
- Moliyaviy jihatdan juda yaxshi deb bo'lmaydi. Lekin harakat qilyapmiz. Nasib qilsa, yaxshi bo'lib ketadi.
- "Nasaf" yana OFK kubogini yutmoqchi. Ammo bugungi jamoani 2011 yilgisi bilan taqqoslash imkonsiz...
- To'g'ri, 2011 yilgi jamoa juda ham tajribali edi. Hozir ko'ryapsiz, tarkibimiz yosh, ammo harakatchan. OFK kubogidagi g'alabaga 10 yil bo'ldi. Yana harakat qilamiz.
- Klubdan erkin agent sifatida ketishi kutilgan Bozorov, Aliqulov singari futbolchilar bilan uzoq muddatli shartnoma imzolandi. Bu jarayon qiyin bo'ldimi?
- Yigitlarning maoshini oshirishimizga to'g'ri keldi. Hozir barcha futbolchilar 2024 yilning oxiriga qadar mo'ljallangan mehnat bitimiga egamiz.
- Transfer oynasida xorijdan Andriya Kaluderovich olib kelindi. Hujumchi yaxshilab o'rganildimi?
- OFK kubogida g'alaba qozonish uchun yaxshi forvard kerak bo'ladi. Bizda bolgariyalik va serbiyalik bir nechta variantlar bor edi. Ularing o'yinlarini ko'rdik va Kaluderovichni tanladik. U kecha jamoa tarkibiga kelib qo'shildi. Yangi muhitga moslashish biroz vaqt oladigan jarayon.

- Murodbek Rahmatovni (sobiq Murod Xo'jamberdiev) OFK kubogida o'ynatish rejalashtirilayotgan ekan. Bu jamoaga muammo tug'dirmaydimi?
- Yo'q, hech qanday muammo bo'lmaydi. Barcha o'z ism va familiyasini o'zgartirish huquqiga ega.



