
Uchrashuvning 3-daqiqasida maydon egalari burchak to'piga ega bo'lishdi. Jarima maydoni ichiga oshirib berilgan to'pni Azamat Allaniyozov darvozaga yo'lladi, ammo noaniq. 6-daqiqada Gevorkyanning pasidan so'ng raqib jarima maydoni ichidagi Shohruh Gadoev noaniq zarba berdi. 9-daqiqada Shuxrat Muhammadiev o'ng qanotdan jarima maydoni ichiga kirib borib zarba berdi, erlatib tepilgan to'pni Lobanov ushlab oldi. 12-daqiqada Gevorkyan o'ziga nisbatan ishlatilgan qo'pollik uchun belgilangan jarima to'pini amalga oshirdi, uning uzatgan to'piga hech kim eta olmadi. "Paxtakor"ning ilk xavfli hujumi. Igor Sergeev chap qanotdan jarima maydoni yoniga kelib chamasi 16 metrlardan kuchli zarba berdi, to'p darvozaning yuqorisiga qarab ketayotganda Eldorbek Suyunov o'zini ko'rsatib jamoasini qutqarib qoldi. Burchak to'pidan so'ng Sergeev to'p uchun kurashda Suyunovga nisbatan qo'pol o'ynadi. O'yinda maydon egalari ko'proq hujum qilishmoqda, mehmonlar asosan qarshi hujumga e'tibor qaratishmoqda. 28-daqiqada jarima to'pidan so'ng Abduxoliqov to'pni darvozaga yo'llay olmadi. 36-daqiqada Temurxo'ja Abduxoliqov qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. 39-daqiqada Davron Hoshimov o'z jarima maydoni ichida to'pni qo'li bilan o'ynadi. Shu bois Ravshan Ermatov hech ikkilanmay "Paxtakor" darvozasiga penalti belgiladi. "Nuqta"ga yaqinlashgan Artur Gevorkyan darvozani ishg'ol qildi - 1:0. Goldan so'ng mehmonlar hujumga o'tishdi. Birinchi bo'limga 2 daqiqa qo'shib berildi. Dastlabki bo'lim yakunlandi.
Ikkinchi bo'lim boshlandi. Mehmonlar safida maydonga hujumchi Anvar Soliev tushdi. U Sharofetdinovni o'rniga tushdi. 47-daqiqada Azamat Allaniyozov Lobanov bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, uning yo'llagan zarbasi darvoza to'sini ustidan o'tib ketdi. Miladinovich tezkor qarshi hujumga o'tgan Ilhom Yunusovni yiqitgani uchun ogohlantirildi. Bu orada maydonga Jamshid Iskanderov tushurildi. Ma'lumotlarga ko'ra u bugun istimalagan, ammo natija qaltis bo'lgani uchun baribir maydonga tushdi. Gadoev tezkor ravishda chap qanotdan oldinga o'tdi, ammo unga Abduxoliqov halal berdi, yakunda to'pga Lobanov ega chiqdi. Jarohat olgan Gadoev o'rniga maydonga Farrux Sayfiev tushdi. 61-daqiqada Anvar Soliev raqib jarima maydoni ichida to'pni darvozaga yo'llashda xatoga yo'l qo'ydi. 70-daqiqada sheriklaridan ajoyib pas qabul qilib olgan Allaniyozov oldinga o'tdi, uni Lobanov jarima mayonini tark etib yiqitishga majbur bo'ldi. Jarima to'pidan so'ng zarba noaniq bo'ldi. 73-daqiqada Allaniyozovda yaqin bir qulay vaziyat yuzaga keldi, ammo zarba kuchsiz bo'ldi va Lobanov to'pni ushlab oldi. 77-daqiqada Gevorkyan to'pni erlatib jarima maydoni markaziga oshirdi, Maqsud Karimovning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi. 80-daqiqada Boyan Miladinovich o'z jarima maydoni ichida Muhammadievni yiqitdi. Ermatov himoyachiga ikkinchi sariq kartochkani ko'rsatdi va penalti belgiladi. Bu safar ham Artur Gevorkyan 11 metrli jarima to'pini aniq amalga oshirdi - 2:0. 83-daqiqada Anvar Solievning zarbasi noaniq chiqdi. 89-daqiqada Xamza Karimov Anvar Solievni jarima maydoni yonida yiqitdi. Ermatov jarima to'pi belgiladi. Kozakning yo'llagan zarbasi jonli devorga tegib qaytdi. Asosiy vaqtga 4 daqiqa qo'shib berildi. Uchrashuvda boshqa gol bo'lmadi va "Nasaf" ketma-ket uchinchi bor O'zbekiston kubogi finaliga yo'l oldi.
Final uchrashuvi 25 sentyabr kuni bo'lib o'tadi. Unda ""Bunyodkor" va "Nasaf" klublari to'qnash kelishadi.
"Nasaf" - "Paxtakor" 2:0 (1:0)
Gollar: Artur Gevorkyan 41 penalti, - 1:0. Artur Gevorkyan 82 penalti, - 2:0.
Qarshi shahri. Markaziy stadion.
Hakamlar: Ravshan Ermatov, Abduhamidullo Rasulov, Jahongir Saidov, Ilgiz Tantashev.
Nazoratchi: A.Arutyunov.
"Nasaf": 25. Eldorbek Suyunov, 4. Maqsud Karimov, 5. Botir Qoraev, 9. Ilhom Shomurodov (77.Suhrob Ne'matov, 90+1), 17. Artur Gevorkyan, 20. Erkin Boydullaev, 22. Shohruh Gadoev (34. Farruh Sayfiev, 60), 27. Ilhom Yunusov, 28. Shuhrat Muhammadiev, 32. Hamza Karimov, 41. Azamat Allaniyazov (15. Zohid Abdullaev, 78).
Zaxira: 1. Mixail Naumov, 3. Rahmatilla Berdimurodov, 14. Laziz Ubaydullaev, 23. Sherzod A'zamov.
"Paxtakor": 12. Aleksandr Lobanov, 4. Boyan Miladinovich, 5. Akbar Ismatullaev, 7. Kaxi Maxaradze, 9. Temurxo'ja Abduholiqov (14. Sherzod Karimov, 64), 19. Igor Sergeev, 23. Aleksandr Merzlyakov. 24. Davron Hoshimov, 26. Dilshod Sharofitdinov (20. Anvar Soliev, 46), 29. Vladimir Kozak, 34. Oybek Qilichev (15.Jamshid Iskandarov, 53).
Zaxira: 30. Timur Jo'raev, 6. Murod Holmuhammedov, 37. Abdulloh Olimov, 38. Abbos Maxsitaliev
Ogohlantirishlar: Aleksandr Merzlyakov 24, Davron Hoshimov 48, Boyan Miladinovich 52, Aleksandr Lobanov 70, Sherzod Karimov 77, Farrux Sayfiev 83, Zohid Abdullaev 85, Suxrob Ne'matov 90+4.
Chetlatish: Boyan Miladinovich 80.
Dastlabki uchrashuv: 0:0