“Nasaf” jamoasi a'zolari “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi”da bo'lishdi

Aziz Tukhtamuradov
9 sen 2023, 09:25
"Nasaf" a'zolari klub bosh homiysi “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi”da bo'lishdi va zavoddagi ishlab chiqarish bilan yaqindan tanishishdi.

Shundan so'ng majmuadagi faollar zalida jamoa a'zolari va “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi” xodimlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbir avvalida jamoa prezidenti, "Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi” Bosh direktori Shuhrat Aslanov so'zga chiqib, jamoa a'zolarini va majmuaning barcha ishchi xodimlarini futbolchilar tomonidan yaqindagina qo'lga kiritilgan Superkubok bilan samimiy qutladi va bu yutuq Davlatimiz Mustaqilligining 32 yilligiga Qashqadaryo xalqi uchun ajoyib sovg'a bo'lganini ta'kidlab o'tdi.  

Bosh murabbiy Ro'ziqul Berdiev, texnik direktor Botir Qoraev, sport direktori Sergey Kucherenkolar jamoa uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun majmua rahbariyati va barcha xodimlarga klub nomidan o'z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Tadbir davomida zavod ishchilari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Savol-javob ruhida kechgan uchrashuvda jamoa a'zolari tomonidan tayyorlab kelingan savollarga to'g'ri javob berganlarga futbolchilar va murabbiylarimiz tomonidan esdalik sovg'alari topshirildi. Majmuaning xodimlari ham futbolchilarga qarshi savollar bilan javob qaytarishdi.

Tadbir so'nggida majmua rahbariyati va jamoa murabbiylari o'rtasida futbol bo'yicha o'rtoqlik uchrashuvi bo'lib o'tdi. Bellashuvda do'stlik g'alaba qozondi.

“Nasaf” futbol klubi matbuot xizmati

O'xshash yangiliklar


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: t.me/fcnasaf