

To'raqo'rg'onda "Odil Junior" nomi ostida faoliyat boshlagan bolalar futbol klubi "JFL Tashkent" bilan hamkorlikda Kiko Zunigani maktabda master-klass o'tkazish tadbirini tashkil etdi.
Vodiy (Namangan, Qo'qon, Farg'ona, Andijon) futbolini yangicha, zamonaviy ko'rinishda avvalgi mavqeini tiklashda o'zining yordamini bergan holda yaxlit vodiy ligasini tashkil etib, vodiyning eng zo'r istedod egalariga Yevropa eshiklarini ochishni reja qilayotgan Odil Ahmedov ilk qadamini "Odil Junior" orqali tashlagan edi.

Kiko Zuniganing Namangan viloyatiga tashrif buyurishi, viloyat hokimi Xayrullo Hayitboevich Bozorovni ham betibor qoldirmadi. Zuniganing master-klassiga shaxsan o'zi tashrif buyurgan Xayrullo Xayitboevich yaqin kunlar ichida "Odil Junior" akademiyasi uchun maxsus joy ajratilishi va u yerda vodiyning eng sara futbolchilari tarbiya topib, vodiy futbolini yuqori cho'qqiga olib chiqish lozimligini alohida ta'kidlab o'tdi.
O'z navbatida ispaniyalik mutaxassis, O'zbekistonni kezib chiqar ekan, bu yerda futbol sir-saboqlarini o'rganayotgan bolalarning mahoratiga qoyil qolganini, bu haqda albatta Ispaniyalik skautlarga aytishini ta'kidlab o'tdi.

Hokim bilan suhbat qurar ekan, agar barcha shart-sharoitlar yaratilsa, o'zining ham shu loyihada ishtirok etishini ma'lum qildi.
"Odil Junior" jamoasi tashkil etilganiga hali bir yil ham bo'lmaganini eshitgan Kiko Zuniga o'z hayratini yashira olmadi va shunday dedi:
- Agar Sizlarda 5-6 oydan beri shug'ullanayotgan bolalar jamoalari shunday o'ynasa, mutaxassislarni rivojlantirish va bolalar o'rtasidagi musobaqalarni ko'paytirish orqali Yevropani "egallashingiz" aniq.









