Mundial oldidan. Ibrohim Abdullaev: "Germaniyadan ko'ra Gonduras xavfliroq raqibdir"

24 may 2015, 10:25
Yoshlar terma jamoasi a'zolari Yangi Zelandiyaga jo'nab ketish oldidan saytimizga fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Ibrohim Abdullaev jamoamizning muvaffaqiyatli ishtirok etishiga to'la ishonmoqda.

"Tayyorgarlik a'lo darajada ketmoqda. Barcha futbolchi jahon chempionati uchun maksimal tayyorganlik ko'rdi. Tashkil etilgan ko'plab yig'inlarda jamoaviy o'yinni yo'lga qo'yishga harakat qilindi. Umuman yigitlarni kayfiyati ham, tayyorgarligi ham a'lo. Muvaffaqiyatli ishtirok etishimizga ishonaman" , - deydi Ibrohim Abdullaev.

- Ibrohim, agar mana shu tarkibga e'tibor qaratadigan bo'lsak eng ko'p futbolchi himoya chizig'i vakillaridir. Bu chiziqda raqobatni ko'pligidan dalolatmi ?

Umuman himoyada balki boshqa chiziqlarda ham eng kuchli futbolchilar yig'ilgan. Eng munosiblar jalb etilgan deb o'ylayman. Himoya chizig'ida jarohat va chetlashtirishlar ko'p bo'ladi. Shu bois ko'proq olingan bo'lsa kerak.

- Himoyachi sifatida raqib tarkibidagi hujumchilarni qay darajada o'rgandilaring?

Biz har kuni raqiblarni o'yinini ko'rib bormoqdamiz. Menga Germaniyadan ham ko'ra Gonduras kuchliroq ko'rinmoqda. Har ikki jamoaning hujumchilarini kuzatib bormoqdamiz va kerakli futbolchilar haqida ma'lumotlarga egamiz.

- Guruhdagi jamoalar ichida terma jamoamizni keyingi bosqichga chiqish imkoniyati qanday ?

O'zbekiston yoshlar terma jamoasining keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yuqori baholayman.  Gondurasmi? Germaniyami uddalasak bo'ladi. Bizni asosiy maqsadimiz mana shu chempionatda futbolimizga yangi natija olib kelishdir. O'tgan jahon chempionatlarida qayd etilgan natijani yaxshilamoqchimiz. Kamida yarim finalni o'ynashni istaymiz.

- Jamoaning yetakchilari orasida o'yinni o'z qo'liga olishiga munosib futbolchilarimiz bormi ?

Termadagi ko'plab futbolchilar yetakchilik qila oladi. Ularning ko'pchiligi allaqachon OCHL, O'zbekiston chempionatida klublarining asosiy o'yinchilariga aylanib ulgurgan. Nafaqat "Bunyodkor" balki "Nasaf" va "Paxtakor" klubining futbolchilari ham termada yetakchilikni qo'liga ola biladi. Bu jamoada asosan yetakchilarga emas jamoaviy o'yinga e'tibor qaratiladi.

- Jahon chempionatida nimalarni kutmoqdasiz ?

Yurtimiz shanini munosib himoya qilish birinchi maqsadimiz. Muxlislarga chiroyli futbol ko'rsatishni istaymiz va yurtimiz bayrog'ini yuqoriga ko'tarib kelishni istaymiz.


Manba: championat.asia