Moziyga qaytib... Biz pista chaqdik, koreyslar esa...

Narzulla Saydullayev
10 fev 2023, 10:29
“Odamlar orasida” gazetasining 2007 yil 26 aprel sonidan olingan.

Bu yil - o'zbekistonlik futbolchilar uchun o'ta mas'uliyatli uchrashuvlarga boy. Shu bois muxlislar har qachongidan ko'ra sinchkovlik bilan mavsum o'yinlarini kuzatib borishmoqda. Yangi mavsumga yetakchi jamoalarning birmuncha puxta tayyorgarlik ko'rishlari esa chempionat o'yinlariga ham qizg'inlik baxsh etgandek. Ammo men hozir xalqaro uchrashuvlar haqida so'z yuritishni istardim. Zero so'nggi ikki haftada vakillarimizni xorij jamoalari bilan yonma-yon qo'yib qiyoslash imkoniga ega bo'ldik. Ega bo'lganda ham ozmi-ko'pmi jahon talabi darajasida o'ynay oladigan mamlakat vakillariga taqqoslashga sharoit tug'ildi.

Sinchkov o'quvchi qaysi o'yinlar haqida so'z yuritmoqchi bo'lganimni payqagandir. Ha, MHSQda o'tgan ikki uchrashuv va Al-Saad - Neftchi o'yinlari. So'nggi uchrashuv safarda, buning ustiga arab mamlakatlaridan birida o'tdi. Shu bois ham undagi voqealarga jiddiy e'tibor bermasligimiz mumkindir. Yana o'sha muammo - hakamning ochiqchasiga yon bosishi, asabga tegadigan simulyaciya va hokazo. Shu o'rinda uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik bilan kelgan bo'lsa ham, Neftchiga xarakter yetishmaganini takidlash joiz. Afsuski, bu nafaqat Neftchiga, balki barcha jamoalarimizga tegishli muammo sanaladi. Shuningdek, yuzaga keltirilgan vaziyatlardan foydalanish darajasi ham o'ta past ekanini inkor etib bo'lmaydi. Safarda uchta qulay vaziyat yuzaga keltirish, bu - yuqori daraja. Ulardan umuman foydalana olmaslik esa, aksincha, o'ta past ko'rsatkich. Bizni yupatadigan holat - Neftchida hamon yaxshi imkoniyatning borligi. Mavsum kashfiyotiga aylanishi mumkin bo'lgan darvozabon Hasanovning tobora ishonchli o'yin ko'rsata boshlashi va biz sevgan kombinacion o'yinni yo'lga qo'yishga intilish ham Farg'ona jamoasining yangi mavsumdagi tuhfasi desak xato bo'lmas. Qolaversa, bu yil o'zining 60 yoshini va Neftchida murabbiylik qilayotganining 25 yilligini qarshilash arafasida turgan Yuriy Vazgenovich Sarkisyan mahalliy yigitlardan mustahkam jamoa shakllantirish mumkinligini isbotlab bermoqda.



Endi o'sha MHSQca o'tgan uchrashuvlarga qaytsak. Janubiy Koreya va O'zbekiston olimpiadachilari o'yinidan keyin ko'pchilik muxlislar stadionning omadsizligidan noliy boshlashdi. Keyin bu irim-sirim federatsiya vakillariga ham ta’sir o'tkazdimi, bilmayman, terma jamoa navbatdagi uchrashuvini Buxoro yoki Samarqandda o'tkazadi, degan mish-mishlar paydo bo'ldi. Bu gaplar qanchalik rostligi bizga ayon emas. Gap stadionning sehrlanganligida ham emas. Hamma gap munosabatda! Biz uchrashuv o'tishidan bir kun oldin bu erga kelganimizda atrofi faqatgina Koreya kompaniyalari bannerlari (albatta, ko'pchiligi ularning tilida) bilan o'ralgan maydonda mehmonlarimiz mashg'ulot o'tkazayotganligiga guvoh bo'ldik. O'sha yuksak intizom, kuchli konsentratsiya. Jamoa go'yoki o'zi uchun hayot-mamot o'yiniga tayyorgarlik ko'rayotganidan dalolat berardi (Vaholanki, bu o'yin ular uchun emas, aynan biz uchun ana shunday ahamiyat kasb etardi!) Atrofda bironta ham mahalliy jurnalistlar yo'q. Koreyadan kelgan reportyor va TV xodimlari esa qizg'in ish ustida. Ular bu yoshdagi futbolchilar uchun e'tibor katta ahamiyatga ega ekanligini juda yaxshi bilishadi-da!

Uchrashuv kunidagi holatni-ku, gapirishga ham til bormaydi. Na bir og'zaki informaciya bor, na tablo ishlaydi. Uchrashuv yakunlangach, matbuot anjumaniga o'tish uchun qilgan harakatimizga miliciya xodimlari bo'ralab so'kish bilan barham berishdi. O'tgan safar - Paxtakor - Al-Hilol o'yinida ham xuddi shu ahvol bo'lgan edi. Ana shunday paytlarda shu kasbni tanlaganingga ham pushaymon bo'lasan, kishi. Bu narsa o'zgarishiga esa ko'z yetmaydi. Sababi, birinchi navbatda Federatsiya va jurnalistlar o'rtasida bepoyon ummon yuzaga kelgan bo'lib, u o'z Kolumbini kutib yotibdi. Bu borada ikkala tomonda ham etarlicha ayb bor, deb hisoblayman. Xullas, gapirsa gap ko'p. Ammo eng asosiysini unutmasligimiz lozim. Futbol - muhlislar bilan tirik! Futbolchilar ular uchun o'ynashadi, jurnalistlar ham asosan ular uchun mehnat qilishadi. O'sha o'yinda bir holatga e'tiborimni qaratdim. Hattoki jamoalar tarkibini bilishdan ham mahrum bo'lgan o'zbekistonlik muhlislar pista chaqishga zo'r berishdi (keyin bilsak, kichikkina karnay o'rnatilgan bo'lib, u faqat markaziy o'rindiqdagi mehmonlar uchun eshittirilgan. Aksariyat muhlislar madhiyalarni eshitmaganliklari tufayli o'rnilaridan ham turishmadi. Tablo esa hamon xalqaro uchrashuvlardagi asriy orzumiz bo'lib qolmoqda). Koreyadan kelgan 300ga yaqin muhlis va jurnalistlar esa futbolchilarga uy sharoiti yaratishda jonbozlik ko'rsatishdi.



Endi uchrashuvlar haqida ham ikki og'iz. Paxtakor - Al- Hilol uchrashuvida jamoamiz tanlagan qarshi hujum taktikasi o'zini oqlamadi. Eng qizig'i, bir kun oldin bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Al-Hilol bosh murabbiyi toshkentliklar tarkibidagi Jeparovga o'yin bermaslik maqsadi borligini ochiq-oydin aytib o'tdi. Natijada u o'z so'zi ustidan chiqdi va Server to'pni hujumchilarga etkazishdan ko'ra raqib qurshovidan halos bo'lishga ko'proq kuch sarfladi. Ikkinchi holat: Ravshan Haydarov o'sha anjumanda Al-Hilol birinchi raqam ostida o'ynashni yoqtirishini ta'kidladi. Unda nima sababdan qarshi hujum varianti tanlandi? Ko'rayapsizmi, jamoa asosan noo'rin taktika tufayli eng muhim o'yinda mag'lubiyatga uchradi va endi bu ahvoldan chiqish uchun salkam mo'jiza ko'rsatishi shart. Yana bir tashvishli jihat - Paxtakor futbolchilarining aksariyatida charchoq alomatlari sezilayotganday. Agar shunday bo'lsa, iyul oyida o'tadigan Osiyo Qubogida Inileev ham tang ahvolga tushib qolmaydimi? Bu muammo bugunoq tahlil qilinishi lozim. Zero, ertaga kech bo'lishi mumkin.



Olimpiadachilarimiz ham so'nggi ikki uchrashuvdan keyin qiyin ahvolga tushib qolishdi. Janubiy Qoreya bilan uchrashuvda menimcha hujum chizig'idagi futbolchilarimiz ishonchni oqlay olishmadi. Qolaversa, Bikmaev va Afoninlarning maydonga tushishlari ham o'yinimizga salbiy ta’sir o'tkazdi.

Endi barcha umid yana Qoreyadan. Ular o'z uylarida BAAni engishlari shart. Biz esa Yaman bilan o'yinda sermahsul g'alabaga erishishimiz lozim. BAAda imkoni boricha yutqazmaslik, yoki hech bo'lmasa kichik hisobda yutqazish ham bizni qutqarishi mumkin. Iqlim sharoiti va hakamlar qarshiligini engib yutuqqa erishish esa oson ish emas. Buning uchun hech bo'lmasa Janubiy Koreya darajasida o'ynashimiz kerak bo'ladi.

Bu yilgi futbol mavsumini futbolchilarimiz ko'tarinki ruhda boshlagan edilar. Ularning plankani baland o'rnatganlari muhlislar qalbida futbolimizga bo'lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi. So'nggi uchrashuvlardagi muvaffaqiyatsizliklar esa yana ham balandroq sakrash uchun bo'lgan bir oz tislanish bo'lib chiqishini juda-juda xohlardik.




“Odamlar orasida” gazetasining 2007 yil 26 aprel sonidan olingan.

Davlat TURDIALIEV.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia