Mo'minjonov Voyneskiga sovg'a tayyorlayaptimi yoxud "O'zbek El Klasiko"siga prevyu

Iskandarov Abdulaziz
10 mar 2022, 10:11
"Manchester Siti" - "Manchester Yunayted", "Bavariya" - "Borussiya Dortmund", "Real Madrid" - "Barselona". Bu nimani anglatmoqda?

Albatta kuchli beshlik chempionatlaridagi markaziy o'yinlar. Bular boshqacha nom yani "El Klasiko" deb yuritiladi. O'zbekistonda ham azaldan bunday to'qnashuv bor, garchi bir necha yildan beri shiddati pasaygan bo'lsada, nomi doim e'tiborni jalb qilib kelgan. "Paxtakor" - "Neftchi". Bugun Toshkentda siz va biz yangilangan o'sha "O'zbek El Klasiko"ning guvohi bo'lamiz. Quyida o'yindan oldingi mulohazalar. 


Uch yildan so'ng

Ushbu jamoalar Toshkentda so'nggi bor 2018 yilning 31 mart kuni uchrashishgan bo'lib, unda "Paxtakor" 3:0 hisobidagi g'alabani o'ziniki qilgandi. Ikkinchi davrada Farg'onadagi o'yinda tomonlar 1:1 hisobida durangga rozi bo'lishgan. Mazkur bellashuv hozirgacha so'nggisi bo'lib turibdi.


Superliga. "Neftchi" "Paxtakor" maydonida so'nggi bor qachon uch ochko olgan?


O'zaro o'yinlar 

 Har ikki klub o'zaro o'yinlarda bir-biridan eng ko'p ochko tortib olgani ham jamoalarning bir-biriga qanday qarshilik ko'rsatganini anglatadi. Jamoalar chempionatlar tarixida 54 o'yin o'tkazishgan. Kichik ustunlik "Paxtakor" tarafida - 25 g'alaba, 9 durang va 20 mag'lubiyat. Raqib darvozasiga 91 to'p kiritgan "sherlar" 67 to'p o'tkazib yuborishgan. Toshkentdagi bellashuvlarning 20tasida "Paxtakor" ustun kelgan bo'lsa, 5 bahsda farg'onaliklar g'alaba qozongan. Ikki o'yin durang bilan tugagan. Toshkentliklarning o'z maydonidagi oxirgi 14 uchrashuvda "Neftchi" faqat birgina bellashuvda gol ura olgan. Uyda 58 gol urgan holda 16 to'p o'tkazib yuborgan. "Paxtakor" 10 bor raqibni yirik natija bilan dog'da qoldirishga erishgan bo'lsa, "Neftchi"da bunday g'alabalar soni uchtani tashkil qiladi.



"Neftchi"ning chempionat doirasida Toshkentda qo'lga kiritgan g'alabalari

28.05.2016. "Paxtakor" - "Neftchi" 1:2

10.06.2001 "Paxtakor" - "Neftchi" 1:2

25.09.1999. "Paxtakor" - "Neftchi" 1:2

05.04.1992. "Paxtakor" - "Neftchi" 0:2


To'purarlar 

O'zaro uchrashuvlarda Rustam Do'rmonov 12 bor "Paxtakor" darvozasiga yo'l topib to'purarlar qatorini boshqarmoqda. "Neftchi" afsonasi Anvar Berdiev 8ta to'p bilan ikkinchi o'rinda ketmoqda. "Paxtakor"dan Dilmurod Nazarov va Igor Sergeev 6tadan gol urishgan. 



Dastlabki turdan keyingi xulosalar 

3 yillik tanaffusdan keyin Superligaga qaytgan "Neftchi" qishki transferlar vaqtida tarkibini ancha kuchaytirishga erishdi. Shunga yarasha maqsadlar ham katta qo'yilgan. Buni "Qo'qon-1912" bilan uchrashuvdan so'ng Ilhom Mo'minjonov ham ta'kidlab o'tdi. Yaypanda kechgan vodiy derbisidan so'ng xulosa shu bo'ldiki, bu "Neftchi" futbolchilarining bor potenciali hisoblanmaydi. Birinchi turda futbolchilar o'z darajalarini ko'rsatishga qiynalishdi. Oldinda yanada jiddiy raqib - "Paxtakor". O'z o'rnida Slavche Voyneski shogirdlari o'yinga ko'tarinki kayfiyatda yetib kelyapti, deya olamiz. Ular Superkubokda "Nasaf", Samarqandda "Dinamo" qarshiligini engishdi. Darvozasi dahlsizligini saqlab qolishdi. "Paxtakor"ning o'yinidagi asosiy o'zgarish biroz himoyaviy harakatlarda tartibning yuzaga kelganidir. Futbolchilar orqa chiziqda kamroq xatoga yo'l qo'yishmoqda. Birozdan so'ng saytimizda mutaxassis fikrini mutolaa qilasiz. Unda Abdumajid Toirov: "Ilhom Mo'minjonov sovg'a tayyorlashi shart",- degan fikrni bildirdi. Xo'sh bugun qanday jang ko'ramiz? Murabbiylar bir-biriga nima hozirlamoqda? Kuzatamiz, "Paxtakor" stadionida ko'rishguncha.

Fotosuratlar uchun Hasan Pirmuhamedovga minnatdorchilik bildiramiz.


O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia