MLS. "Cincinnati" sharmanda bo'ldi, Nani gol urdi yoxud 35-tur yakuni

Narzulla Saydullayev
9 sen 2019
Kuni kecha, AQSH chempionatida 35-tur uchrashuvlari nihoyasiga etdi. E'tiboringizga mazkur tur yakunlarini taqdim etamiz.


"Nyu-York Siti" yetakchilik qilish davom etadi

"Nyu-York Siti" o'z maydonida "Nyu-Inglend"ni qabul qildi va irodali g'alabaga erishdi. O'yinda hisob mehmonlar tomonidan ochildi. 2-daqiqadayoq urilgan tezkor gol muallifi Xuan Kaysedo. Tanaffusgacha vaziyat o'zgarishsiz qoldi. Domenek Torrent kiyinish xonasida shogirdlariga kerakli so'zlarni topib gapirgan ko'rinadi. Ikkinchi bo'limda nyu-yorkliklar tashabbusni o'z qo'llariga olishdi. O'yin so'nggida yosh umidli futbolchilaridan biri Xesus Medina ikkita to'p kiritib, jamoasiga muhim uch ochkoni taqdim etdi. Ushbu g'alabadan keyin, "Nyu-York Siti" sharqiy mintaqada peshqadamligini mustahkamlab oldi. "Nyu-Inglend" esa bir pog'ona pastlab, 7-o'ringa joylashdi.




"Cincinnati"da yirik mag'lubiyat

"Toronto" mehmonda o'ynaganiga qaramay "Cincinnati"ni ayab o'tirmadi. Bu o'yinda muhlislar gollar shousiga guvoh bo'lishdi. Uchrashuvning 10-daqiqasida Patrik Mallins hisobni ochgan bo'lsa, 21-daqiqaga kelib jamoaning mahalliy vingeri Nik Deleon o'rtadagi farqni ikkitaga oshirdi. Oradan etti daqiqa o'tar-o'tmas Marko Delgado hisobni yiriklashtirdi. Ikkinchi bo'limda ham ustunlik mehmonlar tomonida bo'ldi. Maykl Bredli va Nikolya Benezelar raqib jamoa darvozasiga bittadan to'p kiritishdi va hisob "Cincinnati" uchun sharmandali ko'rinishga keldi. Shu bilan, "Toronto" turnir jadvalida 5-o'ringacha ko'tarilishga muvaffaq bo'ldi. Mezbonlar ushbu omadsizlikdan keyin so'nggi pog'onaga muqimroq joylashishdi.




"Orlando Siti" va "Los-Anjeles" o'zaro sulh tuzishdi

Ko'pchilikning katta qiziqishiga sabab bo'lgan uchrashuv kutilganidek jangovar ruhda o'tdi. Dastlab, Adrien Perez chiroyli goli bilan jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq, mezbonlar bunga darhol javob qaytarishdi. Yangi yetakchi Luish Nani individual harakatlarini ishga solib, o'rtadagi muvozanatni tikladi. Oradan 7 daqiqa o'tmasidan Benji Mishel hisobni 2:1 ko'rinishiga keltirdi. Ikkinchi bo'limda "Los-Anjeles" futbolchilari omadlarini raqib jarima maydonchasi ichidan qidirishdi. 78-daqiqaga kelib, urinishlar o'z samarasini berdi. 21 yoshli hujumchi Diego Rossi mehmonlar joniga oro kirdi. "Orlando Siti" ushbu durangdan so'ng qimmatli uch ochkodan mahrum bo'ldi. "Los-Anjeles" navbatdagi yo'qotishdan keyin ham peshqadamligini davom ettiradi.




G'arbda kuzatilgan "sensaciya"

"Kolorado" kutilmaganda, turnir jadvalida yuqori o'rinlaridan birini egallab turgan "Sietl Saunders" jamoasini mag'lubiyatga uchratdi. Birinchi bo'limning 42-daqiqasida hisob ochildi. Gol muallifi koloradoliklarning braziliyalik forvardi Andre Shinyashiki. O'yinning ikkinchi yarmida ham mezbonlar qarshi hujumga asoslangan taktikani qo'llashda davom etishdi va bu o'z samarasini berdi. Yana o'sha Shinyashiki jonbozlik ko'rsatib, hisobiga "dubl"ni rasmiylashtirib qo'ydi. Ushbu qo'lga kiritilgan muhim g'alabadan so'ng, "Kolorado" 10-o'ringa ko'tarilib oldi. "Sietl" esa "Minnesota"dan ilgarilab kyetish imkoniyatidan foydalana olmadi.




O'rtamiyonalar jangida "Portlend Timbers" g'alabasi

G'arbiy mintaqada yonma-yon borayotgan jamoalar to'qnashuvi qiziqarli kechishi oldindan tahmin qilingandi. Bu o'yinda ham o'z tasdig'ini topdi. Shu kuni muhlislar murosasiz bellashuv guvohiga aylanishdi. Birinchi bo'lim tengma-teng kurashlar ostida o'tdi. Barcha gollar uchrashuvning ikkinchi qismida urildi. Oldiniga "Sporting Kanzas-Siti" tajribali yarim himoyachisi Benni Feylxaber raqib jamoa darvozasini ishg'ol qildi. Lekin, mezbonlar Jeremi Ebobiss va Brian Fernandeslarning so'nggi daqiqalarda urgan gollari evaziga g'alabani ilib kyetishdi. Shunday qilib, ajoyib "kambek"ni amalga oshirgan Jovanni Savarese shogirdlari 7-o'ringacha ko'tarilib olishdi. "Sporting Kanzas-Siti" klubi bo'lsa, raqibiga yetib olishi mumkin bo'lgan bahsda engildi.



Xondamir Hakimov tayyorladi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia