Mirjalol Qosimov: "Minimum vazifani bajardik"

Narzulla Saydullayev
7 sen 2013, 08:03
Mirjalol Qosimov Iordaniyaga qarshi Toshkentda kechadigan javob o'yinida O'zbekiston uchun maqbul hisob qayd etilishiga ishonadi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi 6 sentyabr, juma kuni JCH-2014 saralash Osiyo mintaqasi pley-off dastlabki o'yini doirasida Iordaniya milliy terma jamoasi mehmoni bo'ldi. Ammanda bo'lib o'tgan bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Uchrashuvdan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlasharkan, O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov shogirdlarining harakatlaridan qoniqish hosil qilganini ma'lum qildi.

Iordaniya yaxshi jamoa va buni bugun namoyish eta oldi. Iordaniyalik muxlislar terma jamoani tinimsiz qo'llab-quvvatlab turishlariga guvoh bo'ldik, biroq biz ham yomon o'yin ko'rsatganimiz yo'q. Ayniqsa, birinchi bo'limda raqibimizdan ko'ra yaxshiroq harakat qildik, - dedi Qosimov.

Ikkinchi bo'limda tashabbusni raqibga berib qo'ydik, shu sabab Iordaniya terma jamoasi hujumlari soni ortdi. Biroq men shogirdlarimning harakatlaridan qoniqish hosil qildim, - O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.

Biz o'z oldimizga qo'yganimiz minimum vazifani bajardik. Endi, saralashning keyingi bosqichiga o'tish uchun, boshlangan ishni Toshkentda yakunlaymiz. Qarama-qarshilik taqdiri Toshkentda, bizning muxlislarimiz ko'z o'ngida hal bo'ladi. Keyingi bosqichga aynan biz chiqishimizga ishonaman, - dedi Qosimov.

Iordaniyaning harakatlari, o'yini biz uchun kutilmagan hol bo'lgani yo'q. Biz raqibimiz haqida ko'p narsalarni bilamiz. Ha, ularda yaxshi, mahoratli o'yinchilar ko'p. Xususan, Uday al-Sayfiy va Abdulloh Dib zaxiradan maydonga tushib, o'z jamoasi o'yinini kuchaytira oldi. Biroq men Toshkentda o'zimizga kerakli natijaga erisha olishimizga ishonaman, - deya qo'shimcha qildi O'zbekiston milliy tema jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston va Iordaniya terma jamoalari o'rtasidagi JCH-2014 saralash Osiyo mintaqasi pley-off javob o'yini 10 sentyabr, seshanba Toshkentdagi Paxtakor stadionida o'tkaziladi. 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-afc.com