Mirjalol Qosimov: "Hozircha darvozada kim turishini ayta olmayman"

Narzulla Saydullayev
5 sen 2013, 14:59
O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Iordaniyaga uchib ketish oldidan Kamoliddin Alimovga intervyu berdi.
- Mirjalol aka, o'tkazilgan mashg'ulotlardan ko'nglingiz to'ldimi? Futbolchilar bo'lajak o'yinga qay darajada tayyor?

- Yigitlar oldinda qanday o'yin kutib turganini juda yaxshi anglashyapti. Buni ularga alohida uqtirish ham kerak emas. Mashg'ulotlarda astoydil ishlashdi. Ammo jarohatlarning ko'payib ketganligi ko'ngilni xira qilmoqda. Ketma-ket besh nafar futbolchimiz jarohat olib, safdan chiqishdi. Aziz Haydarovning jarohati bor edi. Toshkentga kelganidan so'ng shamollab qoldi. Nesterov, Gadoev, Musaev va Tojievning jarohatlari xuruj qildi. Ular qatoriga Haydarov qo'shildi. Lekin maydonga 11 nafar futbolchi tushadi. Qolgan o'yinchilar jarohat olganlarning yo'qligini bildirmaslik uchun astoydil harakat qilishlari kerak. O'zlariga berilayotgan imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishlari talab etiladi. Ignatiy Nesterov katta yo'qotish bo'ldi. O'zi yil boshidan beri jarohati bezovta qilib kelayotgandi. So'nggi o'yinlarda ukol yordamida o'ynashiga to'g'ri keldi. Faqat jarrohlik yo'li bilan uni safga qaytarish mumkin. Biz davolash orqali muolajalarni davom ettirishga umid bog'layotgandik. Afsus, Ignatning xizmatidan mavsum oxirigacha foydalana olmaymiz.

- Bir hafta davomida darvozabonlar murabbiyi Pyotr Gizimchuk ular bilan birga ishladi. Murabbiy bilan darvozabonlarning bugungi holati va tayyorgarligi haqida gaplashib oldingizmi?

- Albatta, har kuni murabbiylar shtabi bilan bu mavzuda suhbatlashamiz. Uchchala darvozabon ham o'z klublarida o'yin amaliyotiga imkon qadar ega bo'lishdi. Aleksandr Lobanov Paxtakorning birinchi raqamli darvozaboniga aylangan. Eldor Suyunov ham Nasaf darvozasini ishonch bilan qo'riqlayapti. Nesterov jarohat olganidan so'ng Murod Zuhurov Bunyodkor darvozasini egalladi. Lokomotiv va Neftchi jamoalariga qarshi kechgan o'yinlarda Murodga aytarli etirozlar bo'lmadi. Hozircha 6 sentyabr kuni darvozamizni kim qo'riqlashini aytib bera olmayman. Oldinda Ammonda o'tkaziladigan yana bitta mashg'ulot turibdi. Shundan so'ng hammasini taroziga qo'yib, Iordaniyaga qarshi uchrashuvda kim maydonga tushishini aniqlaymiz.

- Raqib lageridan kelayotgan xabarlarga ko'ra, ularda ham o'ziga yarasha muammolar yuzaga kelibdi. Birinchi navbatda tarkib bilan bog'liq muammolar. Bu jarayonni ham kuzatib boryapsizmi?

- Haqiqatan ham turli gap-so'zlar tarqatildi. Nazarimda, bunga ishonish kerak emas. Hatto e'tibor ham qaratmaslik lozim. Biz o'z tayyorgarligimizni qilib, o'z o'yinimizni namoyish etsak bo'ldi. Matbuotda tarqatilayotgan ma'lumotlar asossiz va chalg'ituvchi bo'lishi ham mumkin.

- Iordaniya terma jamoasi pley-off o'yiniga yangi bosh murabbiy qo'l ostida tayyorgarlik ko'ryapti. Hussam Hasanning o'yin uslubida biror o'zgarish sezdingizmi?


- Global o'zgarishlar yo'q. Bir-ikki nafar yangi o'yinchi qo'shilgan. Himoya va qanotlarda yangilar bor. Lekin jamoaning o'yin uslubi o'zgarmagan. Avvalgidek 4-2-3-1 sxemasida o'ynayapti.
 
Kamoliddin Alimov suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif