

Ushbu jamoa haqida so'z ochganimiz bejiz emas. Bugungi suhbatdoshimiz – olmaliqliklar sardori Lutfulla To'raev.
- Lutfulla, Qo'qondagi muvaffaqiyatning bosh omili nimada?
- Hammamiz bir tanu bir jon bo'lib harakat qildik va mehnatlarimiz zoe kyetmadi. So'nggi o'yin oldidan mashg'ulotlarda astoydil ishlagandik. Qo'qon-1912ga qarshi kechgan birinchi davradagi o'yinda hisob ochilmagandi. Oxirgi turdagi g'alaba evaziga chempionatni 7-o'rinda yakunladik. Agar Olmaliqdagi uchrashuvda Neftchini mag'lub etganimizda, mavsumni kuchli beshlikda yakunlagan bo'lardik.
- Olmaliq ikkinchi davrani omadsiz o'tkazdi. Bu siz uchun ham kutilmagan holat bo'ldimi?
- Albatta, kutmagandim. O'z uyimizdagi o'yinlarda ko'p ochko yo'qotdik. Ayniqsa, Neftchiga yutqazganimiz hammasidan oshib tushdi. Qolaversa, omadsizlik ham bizga pand berdi.
- Hammasiga omadsizlik sababmikan?
- Unday emas. Murabbiyimiz bergan ko'rsatmalarni ayrim o'yinlarda amalga oshira olmadik. Bu ham asosiy omillardan biri.
- Chempionat yakunlanishiga 4ta tur qolgan bir paytda PFL qabul qilgan qaror ta’sir qilmadimi?
- Yo'q. Biz so'nggi beshta uchrashuvning uchtasida g'alaba qozonib, birida durang o'ynadik. Aksincha, so'nggi o'yinlardagi muvaffaqiyatli ishtirok sabab turnir jadvalida ko'tarilishga erishdik.
- Oliy ligada 12ta klub qolishiga munosabatingiz qanday?
- Malayziyada ham jamoalar soni 12tani tashkil qiladi. Faqat men to'p surgan chempionatda ikki davrali tizimda o'ynaladi. Shuningdek, yana ikkita kubok musobaqasi ham bor.
Bevosita o'zimizning chempionatga to'xtalsam, quyi o'rinlarni egallab turgan jamoalarga ancha qiyin bo'ladi. Agar yangi tizim o'zbek futboli rivojiga ishlasa, bundan ko'pchilik qatori men ham xursand bo'lardim.
- Quyi divizion hamda yoshlar ligasida futbolchilarning yoshiga chegara qo'yilishi haqida nima deya olasiz?
- Tayinli fikr aytolmayman. Bu yangilik o'zini qanchalik oqlashini vaqt ko'rsatadi.
- Bundan avval Malayziya chempionatida o'ynagandingiz. Vatanga qaytgach, O'zbekiston birinchiligida qandaydir o'zgarish sezdingizmi?
- Yo'q, hammasi o'sha-o'sha! Sezilarli o'zgarishlarni ko'rmadim.
- Sobiq jamoangiz Lokomotiv ikki karra mamlakat chempioni bo'ldi. Futbolchilarni tabriklashga ulgurdingizmi? Birinchi navbatda kimga qo'ng'iroq qildingiz?
- To'g'risi, hali hech kim bilan bog'lanmadim. Lekin Lokomotiv uchun xursand bo'ldim.
- Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
- Olmaliq bilan shartnomam 30 dekabr kuni yakunlanadi. Hozir bir narsa deya olmayman. Malayziya klublaridan taklif tushsa, ketishim aniq. Har holda, ancha payt ushbu mamlakat chempionatida o'ynadim. O'zimni u yerda legioner futbolchidek his qilmayman.
- Oliy ligamiz jamoalaridan takliflar tushmayaptimi?
- Ikkita aniq taklifim bor. Hozir qaror qabul qilishga shoshilmayman. Mavsum yakunlandi va asosiy e'tiborimni hordiq chiqarishga qarataman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi "Interfutbol" gazetasi



